French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha global simpozium
16:13 / 2021-10-23

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida «Sho‘rlanishni to‘xtatish va tuproq unumdorligini oshirish» mavzusida global simpozium o‘tkazildi.

Ilmiy-siyosiy tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va uning Global tuproq hamkorligi, Tuproqlar bo‘yicha davlatlararo texnik kengash tomonidan qator milliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.

Sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha global simpoziumdan maqsad – fan, amaliyot va siyosatni birlashtirish, sho‘rlangan tuproqlarni boshqarish bilan bog‘liq holat va muammolarni tahlil qilish, tuproq resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Ixtiyoriy boshqaruv tamoyillarini amalga oshirish uchun harakatlarni rag‘batlantirishdir. Anjuman sho‘rlangan tuproqlarni barqaror boshqarish uchun mavjud bilim va amaliy yechimlar bo‘yicha fikr almashish, muvaffaqiyatli amaliyot va texnologiyalarni kengaytirish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni muhokama qilish uchun platforma yaratadi.

Tadbir doirasida FAO sho‘rlanishning oldini olish va hosildorlikni oshirishning asosiy vositasi bo‘lgan Sho‘rlangan tuproqlar global xaritasini ishga tushirdi. Ushbu hujjatga ko‘ra, jahonda 833 million gektardan ortiq sho‘rlangan yerlar mavjud (Yer yuzining 8,7 foizi). Ularning aksariyati Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasida joylashgan. Xarita 118 mamlakat hamda ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bo‘yicha yuzlab mutaxassislar ishtirokidagi qo‘shma loyihadir. U mutaxassislarga tuproq sho‘rlanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qayerda va qachon o‘tkazilishi lozimligini aniqlash imkonini beradi, shuningdek, sug‘orish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bilan bog‘liq loyihalarni ishlab chiqishda foydali bo‘ladi.

Onlayn anjuman doirasida Toshkentda «Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda sho‘rlangan tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar» mavzusida milliy simpozium ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda FAO ekspertlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, O‘zRFA ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etdi.

Milliy simpoziumda mamlakatimizdagi sug‘oriladigan yerlarning ikkilamchi sho‘rlanishining oldini olish, sho‘rlangan tuproqlarni muhofaza qilishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish, Orol dengizining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish hamda boshqa masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Tadbir davomida hozirgi zamonning eng yirik ekologik ofatlaridan biriga e’tiborni qaratishga mo‘ljallangan “Orol dengizining qurigan tubini tiklash” videofilmi taqdim etildi.

Simpozium yakunida iqtidorli yoshlarning eng yaxshi ilmiy ishlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zA