Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Zarbdor mahallasida yashaydigan Mengnora Jo‘rayeva oila a’zolari bilan uyida asalari parvarishlab, oilaviy byudjetga qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Asalarini bejiz yetti xazinaning biri, deyishmaydi. U insonga ona tabiat in’om etgan ajoyib mo‘’jizalardan biri.
Mutaxassislarning aytishicha, asal tarkibi fermentlar, vitamin va mikroelementlarga boy. Uning nafaqat asali, balki zahri, suti propolisi, gulchangi ham ko‘pgina xastaliklarga shifo bo‘ladi. Yosh bolalarni aqliy rivojlantirish, jigar, oshqozon, teri, yurak-qon tomir, asab va boshqa ko‘plab xastaliklarni davolashda yaxshi samara beradi. Mumi sanoatda muhim xomashyo hisoblanadi.
Bo‘sh vaqtlarida asalariga mehr qo‘yishdan qalbi orom topib yashayotgan Mengnora Jo‘rayeva tumandagi 47-maktabda psixolog bo‘lib ishlaydi.

– Bu hasharotning inson uchun foydasi behisob, – deydi Mengnora Jo‘rayeva. – Hali u bizga in’om etadigan asalini qo‘ya turing. Uning o‘simlikdan o‘simlikka uchib yurishining o‘zi qishloq xo‘jaligiga katta naf keltiradi. Asalari o‘simlik gulini chetdan changlantirib, ularning turlarini sog‘lomlashtiradi. Yuqori mahsuldor navlarni shakllantirishga sharoit yaratadi. Dehqon hosilini nisbatan oshiradi. Asali ro‘zg‘orga mo‘may daromad keltiradi. Oila a’zolarimiz bilan bu sohaga qo‘l urganimizda 4-5 quti asalari bilan ish boshlagan edik. Qiziqishimiz oshib, bu hasharotni ko‘paytirishga ahd qildik. Shu yil bir kam 40 quti asalarini parvarishlayapmiz.
Asalarichilik nozik kasb sanaladi. Asalarichilar mittigina bu jonivorni sirli hasharot, deya ulug‘lab, parvarishlaydi. Asalarining bir oilasida minglab ishchi, yuzlarcha erkak va bitta ona asalari, tuxum, lichinka va g‘umbaklar ham bo‘ladi. Uyaning ko‘p qismini ishchi asalarilar tashkil etadi. Bahor va kuz faslida tabiatda gulchangi va gulshira ko‘proq bo‘lganda ishchi asalarilar 40-45 kungacha yashay oladi. Kuz va qishlovdan oldin tuxumdan chiqqan asalarilar olti-yetti oy yashaydi. Erkak asalarilar bahor o‘rtalarida vujudga keladi. Ishchi asalarilar erkak asalarini faqat shira yig‘ish paytida boqadi. Shira yig‘ish ishi tugashi bilan, erkak asalarilar uyadan haydab chiqariladi.
– Asal parvarishlash jarayonida bu hasharot haqidagi ko‘plab qo‘llanmalar bilan tanishdik, – deydi Mengnora Jo‘rayeva. –Asalari oilasining sog‘lom bo‘lishi ham ona asalarining sifatiga bog‘liq ekan. Besh yilgacha yashashi mumkin bo‘lgan ona asalari ikki yoshga kirgach, tuxum qo‘yish qobiliyati pasayishi kuzatiladi. Ona asalarilarni har yili almashtirishning siri ham shunda ekan.
Mohir pedagog va tajribali asalarichi turmush o‘rtog‘i bilan to‘rt farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazdi. Hozir uch kelinning mehribon qaynonasi ham. Mengnora ustoz nafaqat farzandlari, balki kelinlariga ham yetti xazinaning biri bo‘lgan asalari parvarishlashni qunt bilan o‘rgatgan. Shifobaxsh ne’matga mehr qo‘ygan oila a’zolari asalarilarning uchib yurishi va uning ishidan o‘zgacha zavq olib, asal shaydolariga shifobaxsh ne’mat ulashishdan suyunib yashaydi.
– Bu yil bahorgi hosilimiz andak kam bo‘ldi, – deya suhbatni davom ettiradi Mengnora Jo‘rayeva. – 680 kilodan ortiq asal oldik. Biz mittigina bu hasharotlarning mehnatiga havas qilib yashashdan, ularning bizga shifobaxsh bol in’om etishidan zavqlanamiz. Aslida asalarining qancha asal berishi har bir asalari oilasida turlicha bo‘ladi. Ularni yaxshi serasal o‘simliklar joylashgan hududlarda boqish ko‘proq asal olishda muhim o‘rin tutadi. Biz bu yil kuzgi hosilimizning salmog‘i balandroq bo‘lishini kutib turibmiz.
Asalarichilar oilasida har kimning o‘z ishi, o‘z yumushi bor. Ammo asalari parvarishi ularning har biri uchun ikkinchi kasb bo‘lib qolgani va ular mitti hasharotlarning atrofda tinimsiz uchib yurishidan, zahmatli mehnatidan zavqu shavq olib yashayotgani e’tiborga sazovordir.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri