Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sho‘rchilik O‘ktam Xo‘jaqulov kovrak parvarishlanmoqda
15:35 / 2024-05-14

Sho‘rchi tumanidagi Kushon mahallasida yashaydigan O‘ktam Xo‘jaqulov tomorqasining uch sotix maydonida 1 ming 500 tup kovrak ko‘chatini parvarishlayotir. Ayni paytda o‘simlik bir tekis rivojlanib, bir tekis ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.

–Kovrak kam mehnat talab etadigan va suvsizlikka o‘ta chidamli o‘simlik, – deydi O‘ktam Xo‘jaqulov. –Hosilga kirgach, bir tup kovrak ko‘chati 300 grammgacha dorivor mahsulot beradi. Shu hisobda agar tomorqamdagi 1 ming 500 tup kovrak ko‘chatidan 45 kilogramm hosil olsak, oilamizga 76 million so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad keladi. Yana bir ahamiyatli tarafi uning bargi va guli, ildizi ham shifobaxsh moddalarga boy.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sho‘rchi tumanida bo‘lganida tomorqasida kovrak parvarishlayotgan O‘ktam Xo‘jaqulovning ishlari bilan ham tanishdi. Dorivorlarga boy noyob o‘simlikni mahalliy sharoitda ekib, parvarishlash texnologiyasi bilan qiziqdi. Uni aholi tomorqalarining bo‘sh yerlarida ekib, parvarishlash yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Jahonda dorivorligi jihatidan jenshenga tenglashtiriladigan kovrakning o‘ta shifobaxshligi alohida e’tirof etiladi. Shuning uchun zamonaviy farmatsevtika sanoatida unga talab oshib, dunyo bozorida xaridorgir bo‘lib bormoqda. Uning dorivor mahsulot sifatida ildizi, bargi, po‘stlog‘i, guli, mevasi va boshqa qismlaridan tayyorlanadigan shirasi, kukuni, nastoykasi, emulsiyasi va tabletkasidan keng foydalaniladi.

Hozirgi tibbiyotda kovrak oshqozon-ichak yo‘lini shlaklar va gijjalardan tozalashda, angina, bronxit va nafas a’zolari shamollashi bilan kechuvchi boshqa kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Ko‘z kataraktasining boshlang‘ich bosqichini, asab tizimidagi buzilishlar va tutqanoqni davolashda qo‘llaniladi. Tish og‘rig‘i, mushak bo‘g‘imdagi og‘riqlar, artrit, osteoxondrozda yaxshi natija beradi. Shuningdek, qator onkologik kasalliklar, bachadon miomasi, prostata bezi adenomasida yaxshi ijobiy natija berishi ham aniqlangan. Tomir tortishi, o‘pka sili, o‘lat, zaxm, ko‘k yo‘tal singari kasalliklarni davolovchi shifobaxsh o‘simlik sanaladi. Insonga quvvat berib, energetik balans va tonusni tiklaydi. Ko‘plab davlatlarda kovrak yelimi va ildizi ziravor sifatida ishlatiladi, attorlik vositalari ishlab chiqarishda foydalaniladi.

O‘z davrida Ibn Sino ham kovrakdan buyrakdan tosh tushirish, psoriaz, teri va jigarni tozalash, ekzema kabi kasalliklarni davolashda foydalangan.

Kovrakning dunyoda 170 dan ortiq turi uchraydi. Mamlakatimizda asosan sassiq kovrak (Ferula assa-foetida) keng tarqalgan bo‘lib, shifobaxsh shira shu turdagi o‘simlikdan olinadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri