Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sho‘rchilik 103 yoshli otaxonga davlat mukofoti yetkazildi
16:06 / 2025-08-29

Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan 100 yoshdan oshgan yurtdoshlarimiz safida Sho‘rchi tumanidagi Qoqaydi mahallasida yashaydigan Ikrom bobo Tabarov ham bor.

Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov 103 yoshga to‘lgan otaxon xonadonida bo‘lib, Ikrom Tabarovni eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabrikladi. Mamlakatimizning yuksak mukofotini tantanali topshirdi.

Piru badavlat otaxonning bolalik va ayni bilagi kuchga to‘lgan yillari og‘ir davrlarga to‘g‘ri keldi. Ocharchilikni, urushni boshdan kechirdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida tunni kunga ulab, fidokorona mehnat qilib, el-yurt orasida katta hurmat-e’tibor qozondi. 42 yil traktorchi bo‘lib ishladi. Paxta, g‘alla, chorva mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.  

–Mustaqillikkacha yaxshi kun ko‘rmadik,–¬deydi otaxon.¬ –Bolaligimiz sho‘rolar tizimini tiklash davriga to‘g‘ri kelgan. Aqlimizni tanigach, Ikkinchi jahon urushi boshlanib qoldi. Ko‘plab yaqinlarimizdan ayrildik. Front ortida kechayu kunduz mehnat qilib, topganimizni urushga jo‘natdik. Bir burda nonga zor bo‘lgan yillarni boshdan kechirdik. Urushdan keyingi yillarda ham qishloq xo‘jaligida ishlab, birimiz ikki bo‘lmadi. Vatanimiz o‘z erkini qo‘lga kiritgach, yuzimiz yorishdi. Ko‘nglimiz xotirjam tortdi. Yoshimiz bir joyga borganda davlatning g‘amxo‘rligini his qilayapmiz. Bu e’tibor yoshimga-yosh qo‘shayotganidan quvonib, har kun tongda O‘zbekistonga tinchlik, xotirjamlik, Prezidentimizga uzoq umr, amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga bardavomlik, yoshlar baxtu saodat tilab duo qilaman.  

Ikrom bobo Tabarovning qarilik pensiyasiga kuzatilganiga 42 yil bo‘ldi. Ayni paytda qarilik gashtini surib, yashamoqda. Otaxon juda tetik. Ko‘zlari ravshan. Hozir ham nevara-chevaralari bilan televizor tomosha qiladi. Kitob va gazeta o‘qiydi. Yoshlarga o‘zining qimmatli maslahatlari bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. O‘z hayotidan misollar keltirib, mahalla yoshlariga ozod va obod Vatanda yashashning shuurini tushuntiradi.

Bolalikdan sermashaqqat hayot yo‘lini bosib o‘tgan Ikram bobo 12 nafar farzandni tarbiyalab, ulg‘aytirdi. 42 nevara va 22 chevarali, bir etak evarali bo‘ldi. Hozir davlatimiz g‘amxo‘rligi va farzandlari, nevara-chevarayu, evaralari ardog‘ida keksalik davridan rozi bo‘lib yashamoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri