Surxondaryo viloyatida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun talabgorlarning tuman va shahar saralash bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Tanlovning Sho‘rchi tumanida o‘tkazilgan saralash bosqichida 58 nafar iqtidorli qiz qatnashib, fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati bo‘yicha o‘z mahorati, bilim va iste’dodini keng namoyon etdi.


Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi faolligini yanada oshirish va ularning noyob qobiliyatlarini rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan mazkur mukofot ijtimoiy faolligi hamda iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan, 30 yoshdan oshmagan xotin-qizlarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.


Joriy yilda ham nufuzli tanlovning tuman bosqichida yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanib, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri