French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sho‘rchida bitta, Muzrabotda to‘rtta “mahalla yettiligi” bayramni yangi binoda kutib oladi
08:38 / 2025-08-24

Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami arafasida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda tuman hokimi Akbarali Ishmurzoyev mamlakatimizda keyingi yillarda mahalla instituti takomillashib, xalqni yagona maqsad yo‘lida tinch, farovon hayotga yetaklaydigan kuchli jamoatchilik tuzilmasiga aylangani haqida so‘z yuritdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan “mahalla yettiligi” tizimi joriy etilgach, hududlarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘paygani, yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, “mahalla yettiligi”ning ish faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatish uchun qulay sharoit yaratishga e’tibor kuchayganini ta’kidladi.  

-Uzoq yillardan buyon mahallamiz o‘z binosiga ega emas edi, - deydi Do‘stlik mahallasi raisi Alisher Abdurahimov.– Moslashtirilgan binoda ishlab kelayotgan edik. Endilikda mahallaning yangi zamonaviy, shinam va yorug‘ binosi bor. Mustaqillik sharofati bilan barcha sharoitlarga ega binoda ish boshlayotganimizdan faxrlanamiz. Har bir xodim uchun yetarli qulaylikka ega xonalar barpo etilgani ish tartibimizning samaradorligini yanada oshirib, bizni aholi bilan yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda mahallada 5 ming 74 kishi 1 ming 75 xonadonda ahil, farovon turmush kechirmoqda. Yangi binoga egalik qilgan “mahalla yettiligi” xodimlari ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash kabi masalalarda xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sho‘rchi tumanida 53 ta o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyat yuritmoqda. Ularning 49 tasi barcha qulaylik yaratilgan o‘z binosiga ega.  

Shu kuni viloyatning Muzrabot tumanidagi Olmazor, Mehnatobod, Mohiyat va Fayziobod mahallalari uchun yangidan qurilgan idora binolari ham ishga tushirildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri