Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shonli yo‘lni bosib o‘tgan oliygoh
16:04 / 2025-09-10

Buxoro davlat universiteti yurtimizning ilmiy-ma’rifiy taraqqiyotida, mutaxassis kadrlar tayyorlashda va xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda salmoqli o‘ringa ega. Malakali mutaxassislar, minglab olim va ziyolilarni yetishtirib kelayotgan universitet faoliyatiga to‘qson besh yil bo‘ldi.

Bugungi kunda oliygohda 28641 nafar talaba tahsil olmoqda, 752 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy markazlar, xalqaro loyihalar va akademik hamkorliklar ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur tarixiy sana munosabati bilan universitetda “Jahon sivilizatsiyasida Buxoroning o‘rni: boy meros, barqaror rivojlanish, yorqin kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir munosabati bilan universitet bosh foyesida har bir fakultet yutuqlari, ilmiy izlanishlar, amaliy ishlar aks etgan ko‘rgazma tashkil etildi.

Tantanali tadbirda Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, universitet jamoasini qutladi va oliygohning hudud ilmiy-ma’rifiy hayotidagi o‘rnini yuqori baholadi. 

– 95 yil bu ta’lim maskanining emas, balki butun viloyatimiz va yurtimiz ma’naviyati hamda ilm-fan taraqqiyoti tarixining shonli sahifasidir. Bu davr mobaynida universitet ming-minglab malakali mutaxassislar, olimlar va ziyolilarni tayyorladi. Bugungi yubiley o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish, shu bilan birga kelajak sari yangi maqsadlarni belgilash imkonidir. Universitet oldida ta’lim sifatini yanada oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim vazifalar turibdi. Buxoro davlat universiteti o‘zining boy tarixi, ilmiy salohiyati va fidoyi jamoasi bilan kelgusida ham respublika ta’lim tizimida yetakchi o‘rin egallab, jahon miqyosida munosib o‘rin egallashiga ishonamiz, – dedi viloyat hokimi Botir Zaripov.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov esa tadbirda online tabrik nutqi bilan ishtirok etdi. U o‘z tabrigida Buxoro davlat universitetining mamlakat ta’lim tizimidagi o‘rni, ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi hamda yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi rolini yuksak e’tirof etdi.

Anjumanga xorijiy mamlakatlardan 30 nafardan ortiq xalqaro hamkor universitet vakillari va olimlar samimiy tabrik yo‘lladi. Jumladan, Slovakiya texnologiya universiteti, Hazar universiteti, Astraxan davlat universiteti, Don davlat texnika universiteti, Ozarbayjon sport akademiyasi, Tojikiston madaniyat va san’at instituti kabi nufuzli ta’lim muassasalari rahbarlari va professorlari ham tabrik yo‘llagan. 

Universitetning 95 yillik yubileyi munosabati bilan ta’lim va ilm-fan rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan, el-yurtga fidokorona xizmat qilayotgan olimlar, pedagoglar, davlat va jamoat arboblari, professor-o‘qituvchilar “Buxoro davlat universitetining 95 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

[gallery-25235]

Ularning fidoyiligi, yosh avlodga bergan saboqlari, ilmiy izlanishlari hamda Vatan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi yuksak e’tirof etildi. Bu mukofot BuxDU jamoasining mehnati va ilmiy salohiyatiga berilgan e’tirof bo‘lish bilan birga, kelajak avlodlarni ham fidoyilik va yuksak marralar sari ilhomlantiradi.

Anjuman yakunida universitet tarixida ilk marotaba Buxoro davlat universiteti madhiyasi yoshlar tomonidan ijro etildi. Universitet madhiyasining yangrashi yubiley tadbirlariga o‘ziga xos ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishlab, ilm va ma’rifat maskanining 95 yillik yo‘lini ifodalovchi ramziy lahzaga aylandi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.