Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti tashkil etilganining 105 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Marosimda mazkur o‘quv dargohida ta’lim olgan generallar, faxriy ofitserlar, mehnat faxriylari, Chirchiq pedagogika universiteti talabalari va maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Dastlab bilim yurti shaxsiy tarkibi maydonda saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi va Mudofaa vazirligi bayroqlari tantanali tarzda olib kirildi. Davlatimiz madhiyasi sadolari ofitserlar, serjantlar, kursantlar, muddatli harbiy xizmatchilar va mehmonlar tomonidan ijro etildi.

Milliy armiyamizga tashkilotchilik va boshqaruvchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan ofitserlarni tayyorlayotgan mazkur maskan o‘zining shonli tarixiga ega. Ikkinchi jahon urushi tufayli 1941 yil Chirchiq shahriga evakuatsiya qilingan Xarkov tankchilar bilim yurti Toshkent tankchilar bilim yurti sifatida tashkil etilib, urush yillarida fashizmga qarshi kurashda matonat ko‘rsatgan yetti mingdan ortiq tankchi ofitserni yetkazib berdi. Ulardan 78 nafari qahramonlik unvoniga sazovor bo‘lib, bilim yurti tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

1966 yili bilim yurtiga oliy ta’lim muassasasi maqomi berilib, o‘qish muddati to‘rt yilga uzaytirildi. 1993 yil 1 apreldan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan oliy harbiy ta’lim o‘quv dargohi kafedralarida olingan nazariy mashg‘ulotlar dala mashqlari maydonida amaliyot sinovlaridan o‘tkaziladi.
Bu jarayonda kursantlar jangovar va maxsus qo‘shin harakatlari o‘quv mashg‘ulotlarini desantchilar jangovar mashinalari, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, tanklar, zirhli transportyorlar, zenit qurollari, aloqa va boshqaruvning zamonaviy vositalarini qo‘llagan holda olib boradi.

Hozir bilim yurtida Qurolli Kuchlarimiz va qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari armiyasi uchun tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi, havo-desant qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi, terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari taktik qo‘mondonligi, maxsus operatsiya kuchlari bo‘linmalari taktik qo‘mondonligi, qo‘mondon-muhandislik zenit-raketa qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi hamda tank qo‘shinlari taktik muhandisligi kabi mutaxassisliklar bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.

Tadbir Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida turli yillar davomida tahsil olgan hamda bugungi bayramga mehmon sifatida taklif etilgan generallar va ofitserlar ishtirokidagi bayramona dastur bilan davom etdi. Unda bo‘lg‘usi ofitserlarga saboq berish borasida sidqidildan mehnat qilayotgan, sharafli kasbini sadoqat bilan ado etayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari Mudofaa vazirligi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi hamda bilim yurti boshlig‘i tomonidan ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalari tomonidan taqdim etilgan dastur tantanaga bayramona shukuh bag‘ishladi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri