Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Shon-sharaf” davlat muzeyiga yangi eksponatlar topshirildi
08:52 / 2021-05-30

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining “Shon-sharaf” davlat muzeyiga Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanovning sovg‘asini topshirdi. Bu haqda mazkur tuzilma matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

“Marshal Jukov” deb nomlanuvchi ushbu badiiy qimmatga ega nodir buyumlar majmui nafis did bilan ishlov berilgan rangin yog‘och quticha va mo‘’jaz esdalik ruchkadan iborat. Uni general V.Shamanov o‘tgan haftada O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining Moskva shahrida o‘tkazilgan taqdimoti paytida delegatsiya rahbari A.Saidovga bergan edi.

“Shon-sharaf” davlat muzeyi direktori, polkovnik Muxtorjon Shokirov noyob eksponat uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ushbu qimmatli tuhfa muzeyning xorijlik davlat va jamoat arboblari taqdim etgan sovg‘alar bo‘limidan munosib joy egallashini ta’kidladi.

Muzeyga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan keyingi davrda ayni mavzudagi maqolalar chop etilgan gazetalar nusxalari va kitoblar ham taqdim etildi.

Shu kuni Milliy markaz jamoasi “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari va “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining boshqa ko‘plab monumentlari bilan tanishdi.

Aytish joizki, “Shon-sharaf” davlat muzeyiga 2020 yil oktyabr oyidan to bugungi kunga qadar, koronavirus sharoitiga qaramay, 400 ming nafardan ortiq ziyoratchi tashrif buyurgan.

Muzeydagi eksponatlarning jami soni 30 mingtaga yaqin bo‘lib, shundan 12 mingtasi namoyishga qo‘yilgan. Bu tarixiy ashyolarning aksariyati yurtdoshlarimiz – urush ishtirokchilari va mehnat fronti qatnashchilarining oila a’zolari tomonidan muzeyga tuhfa etilgan.

Yaqinda muzeyning nodir eksponatlari qatoridan akademik A.Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi ham joy oldi.

N.Usmonova, O‘zA