Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shoirning uch kitobi
09:31 / 2020-12-25

Shu kunlarda taniqli shoir, adib, ustoz jurnalist Farmon Toshevning “Yonimizdagi odamlar”, “Mezon bayozi” va “Tafakkur manzaralari” nomli kitoblari nashrdan chiqdi.

“Yonimizdagi odamlar” hikoya, hajviya, badia va “Hokim” nomli qissadan iborat. Janrlar rangbarang. Ammo uslub, tasvir, o‘quvchiga aytadigan gap – qissadan hissa chiqarish Farmon akaga xos, sodda, samimiy, ko‘ngilga yaqin. Farmon Toshev asarlarining ob’ekti bugungi hayot, qahramonlari ham begona emas, siz va biz bilgan odamlar – halol, tanti, rostgo‘y, mehnatkash o‘zbek xalqi. 

          Darvoqe, Farmon aka – senator. Ya’ni, elning ichida yuradigan, xalqning dardi bilan yashaydigan odam. Shuning uchun ham asarlaridagi katta kichik obraz, personajlar bizga juda qadrdon, tanish... Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasday.

        “Mezon bayozi” she’riy kitobi ham Farmon Toshevning chin shoirona mahoratidan darak beradi. “Vatan”, “Yurt”, “Odamiylik”, “Tonggi tilak”, “Samarqandda tor ko‘cha” kabi o‘nlab she’rlari,  qator g‘azallari, hajviy she’rlari, hamma-hammasi she’rxonga iliq taassurot qoldiradi, bir so‘z bilan aytganda, shoir Farmon Toshev she’riy iqtidori, imkoniyatini o‘zida namoyon etadi. Shoirning ushbu g‘azali fikrimizga dalil:

Yaxshi niyat birla shiddat muddaoga yetkazur,

Chin muhabbat dilga ziynat – dilraboga yetkazur.

Oyning o‘n beshi qorong‘u, ortidan yog‘du kelur,

Bo‘lsa gar dilda harorat xush safoga yetkazur.

Asra o‘zni doimo nodonu shayton izmidin,

Nomunosib ersa ulfat bir kun baloga yetkazur.

Sabr ila sevgingni sen Oyga aytsang o‘rtanib,

Tong mahal rozingni albat ul saboga yetkazur.

Noumid bo‘lma boshingga tushganida dard, sinov,

Aylasang shukru qanoat, bil, davoga yetkazur.

Farmono, har misrani amri vijdon birla yoz,

Ko‘nglingdagi shavq, himmat  Haq taologa yetkazur...

        Uchinchi kitob –  “Tafakkur manzaralari”  adibning tafakkur va tasavvur olami kengligi, hikmatga boyligini ko‘rsatadi. Farmon aka hayot tegirmonida charxlangan fikr – qarashlarni shartli ravishda bo‘limlarga, fasllarga bo‘ladi: muomala madaniyati, vatanparvarlik, fidoyilik, mardlik va jasorat, ulug‘lik va inson kamoloti, manmanlik va kamtarlik, yashashdan maqsad, umr mazmuni va hayot ma’nosi va hokazo...

        Kitobni mutolaa qilarkansiz, siz bilgan shoir, yozuvchi endi ko‘z o‘ngingizda faylasufga aylanib borayotgandek bo‘ladi... Va serqirra ijodkorni chin ko‘ngildan yaxshi ko‘rib qolasiz.

    Mustaqillik yillari Samarqand adabiy muhiti haqida gap ketganda, birinchilardan bo‘lib Farmon Toshev nomi tilga olinadi. Yigirmaga yaqin kitoblar muallifi, taniqli shoir, yozuvchi, publitsist Farmon Toshevni samarqandlik yosh ijodkorlarning aksariyati o‘zlariga ustoz deb bilishadi.

     Bu, albatta, bejiz emas. 

     Ustozning yangi kitoblarini o‘qing. U bugungi hayot haqida, siz va biz haqimizda...

                                                                             A.Narzulloyev, O‘zA