Buxorolik O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, mohir tarjimon, jurnalist, dramaturg Toshpo‘lat Ahmad xotirasini abadiylashtirish maqsadida shoir yashagan uyda o‘rnatilgan yodgorlik lavhasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘z olganlar adibning serqirra ijodi, mazmunli hayot yo‘li barchaga ibrat ekanini ta’kidlashdi. Taniqli shoir hayoti va serqirra ijodi bilan bog‘liq xotiralar eslandi. Adib ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Buxorolik qalam ahli vakillari, yoshlar Toshpo‘lat Ahmad siymosiga bag‘ishlab yozgan she’rlarini o‘qib berdi. Shoir ta’lim olgan Shofirkon tumanidagi 4-umumta’lim maktabida o‘rnatilgan yodgorlik lavhasining ham ochilish marosimi tashkil etildi. Maktabdagi shoir sharafiga atalgan sinf xonasida Toshpo‘lat Ahmad bilan bog‘liq xotiralar yana bir bor eslandi.
Ma’lumot uchun, Toshpo‘lat Ahmad 1942 yil dekabrda Shofirkon tumanidagi Denov qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1959-1964 yillari Samarqand Davlat universitetida tahsil olgan. 1965 yildan “Buxoro haqiqati” (hozirgi “Buxoronoma”) viloyat gazetasiga ishga o‘tadi. 1993-1996 yillarda shu gazetaning bosh muharriri bo‘lib ishlaydi. 1975 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi mas’ul kotibligiga tayinlanadi. U bo‘limni uzoq yillar boshqarib, ko‘plab ijodkor yoshlarni adabiyotga olib kirdi.
Bu yillarda uning “Buxoro yulduzi” nomli hujjatli qissasi, “Qasam va qasos”, “O‘g‘lingman, hayot!”, “Qalbning oppoq gavhari” kabi ocherklar, “Ochiq eshik” nomli hikoyalar, “Minorlar va chinorlar”, “Oydin xayollar”, “Tabassum bog‘i”, “Imon qal’asi”, “Sharq tumori”, “Fig‘on”, “Ahli muslim mehrobi”, “Buxoronoma” (saylanma), “Chorbakr”, “Gavhari jonim”, “202 atirgul” singari she’riy kitoblari nashr etildi. “Fig‘on” p’esasi sahna yuzini ko‘rdi.
Toshpo‘lat Ahmad mohir tarjimon ham edi. Tojikiston xalq yozuvchisi Jalol Ikromiyning “Qora quzg‘unlar” romani uning tarjimasida o‘zbek kitobxoni qo‘liga borib yetgan. Shuningdek, Rasul Hamzatov, Vladimir Solouxin, Avetik Isaakyan, Ovanes Sheroz, Loyiq Sherali, Ahmad Muxtor singari qardosh shoirlarning asarlarini ham tarjima qilib, o‘quvchilar ma’naviy mulkiga aylantirgan.
Toshpo‘lat Ahmadga o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan. Shuningdek, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo‘lgan.
Zarif Komilov,
O‘zA