Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari, ziyolilar, shoir va yozuvchilar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari Navoiy shahrida qad rostlagan bobokalonimiz haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, hazrat Navoiyga ta’zim bajo keltirdi.
Har yili Alisher Navoiy nomi bilan yuritiluvchi viloyatda so‘z mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludi o‘zgacha nishonlanadi. Shoir hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan turli adabiy kechalar, mushoiralar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Ta’kidlanganidek, badiiy adabiyotning yuksalishida Alisher Navoiyning tutgan o‘rnini so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Alisher Navoiy so‘z mulkining sultoni sifatida asarlarida 1 million 378 ming 660 tadan ortiq so‘z, shu jumladan, 26 mingta betakror so‘z qo‘llanilgan.
Alisher Navoiy beqiyos shijoati, fidokorona mehnati, millatparvarligi, xalqsevarligi, noyob iste’dodi bilan eski o‘zbek adabiy tilini o‘rta asrlar Sharq xalqlari dunyosida yuqori mavqedagi arab va fors tillari darajasiga ko‘tardi. Shu boisdan Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisi, deya ta’riflanadi.
[gallery-27559]
– Adabiyotshunoslarning olib borgan izlanishlari Navoiy siymosi, u yaratgan asarlar umrboqiyligining sirlarini o‘rganish, saboq olish buyuk mutafakkir yashab o‘tgan davrning o‘zidayoq boshlanganligini ko‘rsatadi, – deydi navoiyshunos olim Tohir Xo‘jayev. – Shoir yashab o‘tgan davrdan keyin barcha zamonlarda ijodiy faoliyati, jahon adabiyotining durdonalariga aylangan asarlari adabiy jarayon, badiiy tafakkur taraqqiyotida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilmoqda. Mumtoz adabiyotimiz tarixida biror ijodkor yo‘qki, Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilmagan, uning g‘azallariga nazira bog‘lamagan bo‘lsin.
Navoiy ijodini o‘rganish, an’analarini davom ettirish bilan birga uning badiiy siymosini yaratishga ham doim urinib kelindi. Ertaklar, rivoyatlar, hikoyatlarda Navoiyning donishmandligi, millatparvarligi, adolatsevarligi ulug‘landi. Ular bugungi kunda kichik yoshdagi bolalarga Navoiy ijodi, asarlarining badiiy-estetik ahamiyatini o‘rgatishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Avliyolarning avliyosi”, “Mutafakkirlarning mutafakkiri”, “Shoirlarning sultoni”, deya e’tirof etilgan ulug‘ allomaning hayot yo‘lini o‘rganish, uning asarlarini tahlil va tadqiq qilish bugungi kun yoshlarini har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib kamolga yetishida muhim o‘rin tutadi.
– Oradan salkam olti asrga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsada, buyuk bobokalonimiz ijodi biz yoshlarni hamisha hayratga soladi, uni o‘qib o‘rganishga chorlayveradi, – deydi Navoiy davlat universiteti talabasi Dilobar Farmonqulova. – Shoir asarlarida tilga olingan vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat kabi insoniy fazilatlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, unda bugungi hayotimizdagi har qanday muammoning ma’naviy yechimini ko‘rishimiz mumkin.
Tadbirning asosiy qismi Farhod madaniyat saroyida davom ettirildi.
Badiiy kechada Alisher Navoiy g‘azallari asosida yaratilgan mumtoz qo‘shiqlar kuylanib, asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA