Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shoiradan to‘rt kitob
10:13 / 2026-02-26

Ijodkorning faoliyatida uning kitoblari o‘ziga xos sarhisob sanaladi. Taniqli shoira Oygul Ubaydulla qizi ijodiga mansub “To‘kilayotgan yaproqlar”, “Poklanish fasli”, “Shukur sabog‘i” hamda “Adashmagin yo‘lingdan, bolam” nomli kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilgan mazkur taqdimot anjumanida adabiyot muxlislari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Nasiba Xoldorova, ustoz ijodkorlar Shahodat Isaxonova, Qutlibeka Rahimboyeva, Zulfiya Mo‘minova, Gulchehra Shahobiddin qizi, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov bugungi kunda milliy adabiyotimizda ayol ijodkorlarning hissasi samarali va barakali ekanini ta’kidladi.  

O‘zbek ayolining samimiyati, nafosati, mushfiq va mushtiparligi Oygul Ubaydulla qizi ijodida yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.  

– Oygul ham hislari mavjlangandan keyin she’r yozar ekan, bu uning ijodga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatib turibdi, – dedi adabiyotshunos olim, professor Adhambek Alimbekov. – O‘zining “Shahsuvor”, “Yolg‘izlik guli”, “Adashmagin yo‘lingdan, bolam”,  “To‘kilayotgan yaproqlar” to‘plamlari bilan tanilgan shoira she’rlar, qissalar, dostonlardan iborat yangi “Poklanish fasli”  to‘plamini kitobxonlar e’tiboriga havola qilayotir. Bu kitob ma’lum ma’noda shoiraning sarhisob jamlanmasi bo‘lib, ijodi haqida umumiy bir xulosaga kelish imkonini beradi. Aytish mumkinki, bu kitob shoiraning bir tomlik saylanmasi. Shoira qaysi mavzuda yozmasin yozganlarini chiroyli badiiy san’atlar topib tuyg‘ularini yetkazishga intiladi.

– Shoira ijodida onalarimizning ko‘ngil kechinmalari, orzu-intilishlari, qalb manzaralari mujassam, – dedi taniqli shoira, ma’naviyat targ‘ibotchisi Gulchehra Shahobiddin qizi. –  Bu she’riyat o‘zbek ayolining orzu-umidlari, dardlari, og‘riqlaridan so‘zlaydi.  

Oygul Ubaydulla qizi 1962-yilning 15-dekabr kuni Samarqand viloyatining Narpay tumanida ziyoli oilasida tavallud topgan.

Dastlab shoiraning “Shahsuvor” (1994), “Yolg‘izlik guli” (2002) nomli kitoblari nashrdan chiqadi. 2024-yilda “To‘kilayotgan yaproqlar” nomli kitobi chop etilgan.

2025-yilda “Adashmagin yo‘lingdan, bolam” nomli she’riy kitobi “Ijod nashr” nashriyotida chop etildi. Ushbu kitobdan “Adashmagin yo‘lingdan, bolam” deb nomlangan kattagina she’riy doston o‘rin olgan. Asarda adashib Suriyaga ketib terroristik oqimga qo‘shilib qolgan yigitning holatlari, qarashlari hamda adashganini bilib qolgandan keyingi ruhiy iztiroblari ishonchli tarzda yoritilgan.  

Ota-onasi, jigarlari, qishloqdoshlarining qalb iztiroblari hamda yurt manzaralari chiroyli tarzda qalamga olingan. She’rlarda esa Suriyaga borib qolgan ayollarning iztiroblari o‘zlarining so‘zlari orqali aks etgan. Ma’lum ma’noda ushbu “Adashmagin yo‘lingdan, bolam” nomli kitobni ogohlik qo‘ng‘irog‘i, deb atasak xato qilmagan bo‘lamiz. Chunki kitobda yurt manzaralari go‘zal tarzda ifoda etilgan. Kitob o‘quvchida Vatanga bo‘lgan mehr, muhabbat hamda urushga bo‘lgan nafratni uyg‘otadi, kuchaytiradi.       

2026-yilda “Ijod nashr” tomonidan “Poklanish fasli” nomli kitobi chop etildi. Undan “Farzandlarimga”, “Onajonginam”, “Urush haqida”, “Koronavirus” nomli turkumlar hamda qator qissalari, she’riy dostonlar o‘rin olgan. Kitobga adabiyotshunos, TDSHU professori Adhambek Alimbekov so‘z boshi yozgan.

2026-yilda shoiraning “Shukur sabog‘i” nomli she’riy kitobi nashrdan chiqdi. She’rlari asosan bolalar va yoshlarga mo‘ljallangan.     

Muxlislarning talabiga ko‘ra, 2026-yilda, ya’ni shu yili “To‘kilayotgan yaproqlar” nomli she’riy kitobi yana qaytadan chop etildi.  

Anjumanda Oygul Ubaydulla qizining ijodi, uning yangi kitoblari xususida batafsil so‘z yuritildi.  

N.Usmonova, O‘zA