Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shoir xotirasiga yuksak ehtirom
14:14 / 2022-04-26

Andijon shahridagi Muhammad Yusuf maydonida el suygan ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 68 yilligiga bag‘ishlanib, “Mehr qolur, muhabbat qolur...” deb nomlangan adabiy-madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, adabiyot muxlislari, oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari, ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar tomonidan Muhammad Yusuf byusti poyiga gulchambarlar qo‘yilib, marhum shoirga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Muhammad Yusuf o‘z ona xalqining yuksak orzu-intilishlari, armonlari, ertangi kunga bo‘lgan bo‘lgan umid va ishonchini o‘z ovozi, o‘z sozi bilan jo‘shib kuylagan. Ayniqsa, uning vatanparvarlik, millatsevarlik mavzusidagi she’rlari har bir o‘zbekning yuragidan mustahkam joy olgan. 

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov shoir hayoti va ijodi, ayniqsa, uning yurtni, yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi betakror satrlari xalqimiz qalbidan mustahkam joy olganligi, shoir she’rlari xalqimiz, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik, yurtga fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

[gallery-6815]

Tadbir haqiqiy adabiyot, she’riyat bayramiga aylandi. Z.M.Bobur nomli viloyat teatri artistlari tomonidan shoir she’rlari asosida tayyorlangan “Mehr qolur, muhabbat qolur” deb nomlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Xurshidabonu Qo‘chqorova, adabiyotshunos olim Bahodir Rahmonov, shoirlar Ziyoviddin Mansur, Farid Usmon va boshqalar so‘z olib, Muhammad Yusuf hayoti va ijodining o‘ziga xos qirralari xususida gapirdi. 

– Muhammad Yusufning serqirra va betakror ijodi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega, – deydi Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti dekani Bahodir Rahmonov. – Ayniqsa, shoir she’rlari tilining soddaligi, oddiy xalq hayoti, kechinmalari, go‘zal va ta’sirli satrlarda bayon etilganligi bilan yurtdoshlarimiz qalbiga chuqur kirib borgan. Bir so‘z bilan aytganda, Muhammad Yusuf ijodi, she’riyati o‘zining xalqchilligi bilan ajralib turadi. Shoirning sodda, samimiy va rost so‘z aytish iqtidori, aytganda ham hech kimga o‘xshamaydigan, o‘qiganda yodingizga, kuylaganda tilingizga o‘rnashib, darrov qadrdon bo‘lib qoladigan misralari uning she’rga ilohiy e’tiqod qo‘yib yashaganidan nishona. 

Tadbirda ijodkor va havaskor yoshlar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar, shuningdek, shoirga atab yozilgan she’rlar o‘qildi, san’atkorlar tomonidan kuylangan qo‘shiqlar yangradi. 

– Muhammad Yusuf she’rlarini juda yoqtiraman, ko‘p she’rlarini yod olganman, – deydi tadbir ishtirokchisi, yosh ijodkor Komilaxon Abdiyeva. – Bo‘lib o‘tayotgan tadbir nafaqat shoir xotirasini yod olish, ijodini targ‘ib qilish, balki Vatanni sevish, ardoqlash ma’nosida ham biz, yoshlarga katta ma’naviy va ruhiy ozuqa beradi.

Muhammad Yusuf xotirasiga yuksak ehtirom sifatida tavalludining 68 yilligiga bag‘ishlangan bu kabi adabiy tadbirlar mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida, xususan, shoir tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumanidagi Qovunchi mahallasida bo‘lib o‘tmoqda. 


F. UBAYDULLAEV, 
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA