O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, tarjimon Tohir Qahhor tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Ijodiy kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar Tohir Qahhor nainki shoir, balki mohir publitsist va tarjimon sifatida samarali ijod qilayotganini ta’kidladi. Uning milliy merosimiz, tariximiz, madaniyatimiz haqidagi maqolalari jamoatchilik e’tiborini qozongan.
Tohir Qahhor 1953 yili Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetida - hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Dastlab respublika radiosining adabiy-dramatik bo‘limida muharrir, 1979-1986 yillarda "Sharq yulduzi" jurnalida adabiy xodim, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishladi.
Shoirning dastlabki kitobi 1980 yilda "Oq o‘rik" nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng uning "Oqayotgan daryo", "Osmon kimniki?", "Eshik taqillayotir", "Kun ko‘zi", "Yulduzlar mening bog‘im", "Tog‘ning parvozi", "Otashgiyoh" kabi o‘nga yaqin to‘plamlari ketma-ket chop etildi. Bu to‘plamlarga kirgan she’rlar ajib ohanrabosi bilan ajralib turadi. She’rlarning sodda va ravon tili, yuksak badiiy saviyasi, ijodkorning o‘ziga xos jur’ati o‘quvchi e’tiborini o‘ziga jalb etishi bilan ahamiyatlidir.
Tohir Qahhor tarjimon sifatida turk shoiri Ziyo Ko‘kalpning "Yergeneko‘n" dostoni va qator she’rlarini, fors adabiyoti namoyandalari Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy g‘azallarini, kolumbiyalik mashhur adib G.Markesning "Oshkora qotillik qissasi"ni, arab adabiyotining klassiklari Abu Tammom, Al-Maariy va boshqa ko‘plab jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan.
Shoir 1994 yilda "Hur Turkiston uchun" nomli maqolalar to‘plamini e’lon qildi. 1995 yilda Anqarada "bugungi o‘zbek shoirlari" nomli kitobi nashr etildi. Shuningdek, u ikki jildlik "Turk dunyosi adabiyoti tarixi"ning maydonga kelishida tarjimon sifatida ishtirok etdi. Yigirma to‘rt jildlik "Turk dunyosi adabiyoti antologiyasi"ning o‘zbek adabiyotiga oid qismini nashrga tayyorladi. Shuningdek, turk olimi Ismoil Akaning "Amir Temur davri tarixi" kitobini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
[gallery-11836]
Tadbirda shoirning ijodi, insoniy fazilatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA