Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shoir so‘z aytgali kelar dunyoga
15:44 / 2020-02-05

Men 1961-1965 yillari, o‘sha paytlari Orjonikidze nomi bilan ataladigan Buxoro pedagogika institutida tahsil olganman.


O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol ijodiga bir nazar

Men 1961-1965 yillari, o‘sha paytlari Orjonikidze nomi bilan ataladigan Buxoro pedagogika institutida tahsil olganman. U yerda mutaxassislarni rosa “elaklaydi” degan gap-so‘zlar bo‘ldi. Maktabda yaxshi o‘qiganim ish berdi. Imtihonlardan hech ham qiynalmay o‘tib, talaba bo‘ldim.

Bir e’tirofli fikrni o‘sha paytlari ham aytganman, hozir ham baland ruhda ayta olaman. Men Buxoroda birdaniga ikkita oliy o‘quv yurtini tamomlaganday bo‘ldim. Hali hamon shu institutlarning kuch-quvvati, zavq-shavqi bilan yashab, ijod qilyapman. Ikkinchi institut bu – menga Jamol Kamol edi. Jamol Kamolning hali hech kimnikiga o‘xshamagan she’riyati edi. Qiziq, juda qiziq-da, uning she’rlari hali kitob holida nashr etilmagan bo‘lsa-da, ayrim namunalari o‘zi muharrirlik qilayotgan institutning “Ilg‘or fan uchun” gazetasida onda-sonda e’lon qilinsa-da, shu she’rlarning maftuni, shu she’rlarning asiri edim.

Adabiyotga, she’riyatga mehrimni birinchi darslaridayoq payqab qolgan Jamol Kamol bir kun dars so‘ngida meni sekin tashqariga imladi. To‘g‘risi, yuragim birdaniga hadiklanib ketdi. Chunki u kishining qarashlari bir boshqacha edi. Har qanday talabani nari qo‘ying, uncha-muncha o‘qituvchilar ham bu ko‘zlarga qarashga tob berolmas edi. U kishi darsga kirganda ulkan auditoriyalar birdan jim qotardi.

“Sen yigitda bir narsa borga o‘xshaydi. Vaqting bo‘lganda bizning “Ilg‘or fan uchun”ga o‘tib tur“, dedi domla.

Ishonsangiz, shunda quvonchdan chapak chalib yubora yozganman. Balki yonimda nafasi yuzimga urilib turgan Jamol Kamolday inson tik turmaganda shunday voqea sodir bo‘lishi ham mumkin edi. Men bir oylargacha o‘sha gap tafti va o‘sha gap haroratida yurganman. Jamol aka aytganiday bo‘ldi – turtina-turtina, tortina-tortina u kishi rahbarlik qilayotgan tahririyatga bordim.

Bir kuni qiziq bo‘ldi. Jamol aka qaergadir shoshayotgan, u kishini ko‘chada mashina kutib turardi. Eshikdan chiqarkan, g‘oyat yoqimli jarangdor ovozda dedi: “Tosh, (u kishi meni erkalatib ko‘pincha shunday atardi) mana bularni bir qarab chiqqin-da. Shularda o‘zi bir narsa bormi?“

U shunday deya qo‘limga bir dasta she’rlarni, mashinkada chiqarilgan taxlanib kitobday holga keltirilgan va uning ustiga chiroyli yozuvlar bilan bitilgan “Olam kirar yuragimga”ni tutdi. Bilsangiz, o‘sha kecha mayxo‘r maydan kayf qilganday kayf qildim, rosa maza qildim. Uch kundan so‘ng esa bu mazalanuvlarim mevasini shoirning o‘ziga aytishga botinoldim.

-Jamol aka, ustoz, nega jimsiz-a? Kitobdagi sakkizliklarga hech ham baho yo‘q. Fikri ojizimcha, hali o‘zbek adabiyoti bunday turkumdagi she’rlarni ko‘rmagan. Ulardan Rasul Hamzatov, Eduartis Mijelaytislarning tafti, havosi kelyapti. Nega she’rlaringizni matbuotiga, ayniqsa respublika matbuotiga bermaysiz.

-Bunga hali vaqt bor, uka. Shunday kunlar kelishiga ishonaman. Katta rahmat. Sen hali Rasul Hamzatov, Eduartis Mijelaytisni ham o‘qiysanmi? Bo‘ladigan bolaga o‘xshaysan.

Domlaning gaplaridan yanada jur’atlandim:

- Qarang, domla, manovi satrlar qanday zo‘r, qanday bebaho?Men darrov yodlab oldim.

Bir kiftida oqshom, bir kiftida tong,
Zulmat va ziyoning qoq o‘rtasida.

Turadi tangriday azamat Inson,
Yulduzlar, quyoshlar ro‘parasida.


Institutning 2-bosqichida o‘qiyotgan yilim mislsiz quvonchli voqea sodir bo‘ldi. Institutimizga mashhur shoira Zulfiya kelib, g‘oyat esda qolarli uchrashuv o‘tkazdi. Shu uchrashuvda yuragida she’r yonayotgan, otash yonayotgan Jamol Kamolga kichik hajmli “Jamila” dostonini o‘qib berishi iltimos qilindi. Iltimosga shoir bajonidil rozi bo‘ldi. Badiiy pishiq, mahorat bilan yozilgan “Jamila“ga shoira shaydo bo‘lib qoldi va u doston nusxasini Toshkentga olib ketdi.

Doston ko‘p o‘tmay “Yosh leninchi” gazetasida bosildi. Dostonda iste’dod uchqunlari baralla porlab, adabiyotga iste’dodli bir ijodkor kirib kelayotganidan darak berib, bong urganday bo‘ldi. Shundan so‘ng shoirning “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan bir turkum she’rlari she’riyat muxlislarini yanada mamnun etdi. Bu haqdagi quvonchini O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo matbuot sahifalarida shunday ifodaladi:

“Buxorolik shoir Jamol Kamolning bir turkum she’rlari “Sharq yulduzi” jurnalida bosildi. Notanish shoirning she’rlarini o‘qidim. U she’rlar meni shu qadar sehrlab oldiki, ko‘p vaqtlar xayolim shu she’rlar bilan band bo‘lib yurdi. Bu o‘zbek she’riyatiga katta iste’dod kirib kelayotganidan darak edi. Bu vaqtda Jamol Kamol yosh edi, navqiron payti edi. Lekin uning she’rlari o‘sha vaqtlardayoq rom qila olish kuchiga ega edi. Jamol Kamol she’rlari meni shu qadar to‘lqinlatgan ediki, ikki og‘iz bo‘lsa ham xat orqali quvonch va niyatlarimni bildirib, qalbimni bo‘shatmaguncha oromim bo‘lmay qoldi”.

O‘sha vaqtlari kitob chiqarish azobdan azob edi. 1962 yilda o‘tkazilgan respublika yosh ijodkorlar seminarida shoirning birinchi she’riy to‘plamini nashrga tavsiya etgan bo‘lsa-da, unga 6 yildan so‘ng — 1968 yili navbat keldi. Bu kitobcha men talabalik yillarimda o‘qigan, quvonchdan maqtashga so‘z topolmay qolgan o‘sha qadrdon “Olamga kirar yuragimga” edi.

Shunda, ishonsangiz, ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketgan.

She’rlar qo‘lyozma holda bir bo‘lak, kitob holida bir bo‘lak ko‘rinarkan. Kitob holidagisi jonli organizmga o‘xsharkan. Unda bo‘lakcha husn, kuch-qudrat, tarovat taralib turganday bo‘larkan. To‘plam o‘sha mashhur “Jamila” va 5-6 ta she’rlarini hisobga olmaganda deyarli sakkizliklardan iborat edi. Bu sakkizliklarga original, hali tutilmagan, umuman, hech kimning xayoliga kelmagan “Mening uvoq she’rim-mening dilporam” sarlavhasi qo‘yilgandi. Sarlavhadagi “uvoq she’r”, “dilporam” degan tashbehlar meni rosa o‘yga, xayolga, nurli tuyg‘ularga toldirgandi. O‘zingiz ham shu nurli tuyg‘ularga bir oshno bo‘ling-da:

O‘t olding-u, o‘tsiz olmading nafas,
O‘t yaratding, o‘tli joningga monand.

Qalbingdagi o‘t-ku ganji muqaddas,
Qo‘lingdagi o‘tdan qo‘rqaman...

Bu kitob hamisha ish stolimda turardi. Siqilgan, ishdan toliqqan paytlarim uni sekingina ochib varaqlayman. Shunda mening ham qalbimga dunyoimga olamning jilva bilan kirib kelayotganday bo‘ladi. Go‘yo “Daryo – qo‘shiq, oqshom –shafaq, oy – shu’la” bilan qalbim bo‘stonlanib ketadi.

Shoir bir she’rida shunday o‘tli misralar bitdi: bu o‘tli misralar unga dasturi amalday edi:

Shoirim, o‘tasan sen ham muqarrar,
Garchi ardoqlisan, garchi suyuksan.

Shijoat tuyg‘usi bilan mukammal,
Shijoat tuyg‘usi bilan buyuksan.

Lekin sen ham etib nomardlik,
Sen ham o‘z-o‘zingni o‘ylasang faqat,

Demak sob bo‘libdi olamda mardlik,
Demak ro‘y beribdi qora qabohat...

Jamol Kamol jo‘shqin qalb, mardona yurak bilan betinim ijod qilgan. Bu ijod namunalari to‘planib, “Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du”, ”Tosh tug‘yon”, “Tafakkur”,“Qadah”, “Umidli dunyo” kabi kitoblarda joy oldi. Bu kitoblar shoirning nomini o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Rauf Parfilar qatoriga olib chiqib qo‘ydi.

Shoir nazmning doston janrida barakali ijod qilib, har biri o‘zbek adabiyotida qadrlangan “Jamila”, “Tosh tug‘yon”, “Quyosh chashmasi”, “Varaxsha”, “Rajab Ashurov dostoni”, “Hasan va Toy”, “Shahribonu”, “Eshikdagi oy to‘lqini” kabi dostonlar yaratdi. Shu yerda bir narsaga alohida to‘xtalish joiz.

Jamol Kamol bir umrga Oybekka intiq bo‘lib yashadi. Oybek ijodiga bir dunyo mehr qo‘ydi. Filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqul ta’biri bilan aytganda, “bir umr uning ijodiga bog‘lanib qolgandi”.

1968 yilning may oyida buyuk yozuvchi Oybek rafiqasi Zarifa Saidnosirova bilan Buxoroga tashrif buyuradi. Bundan Jamol Kamol boshi ko‘klarga yetgudek bo‘lib quvonadi. Ularni birga suratga tushishga taklif etib, rizoliklarini olganda, Jamol Kamolning ta’biri bilan aytganda, “Soylarni to‘ldirib nilufar oqqanday, osmon yulduzlarga to‘lib ketganday bo‘ldi”.

Shundan so‘ng shoir Oybekka bag‘ishlab, “Tosh tug‘yon” asarini yaratdi. Yuqorida sanalgan dostonlar ichida menga negadir shu doston, eng baquvvat kam-ko‘stsiz badiiy jihatdan g‘oyat ko‘rkam ko‘rinadi.

Doston shoirning bor yigitlik kuch-quvvati bilan dunyoga kelganday.

Oybek Parijni kezdi, kezdi Rimni ham,
Ne-ne shaharlarga u bo‘lmadi asir.

Lekin Buxoro boshqa, bu boshqa olam,
Hayqirgan ummon kabi bunda buyuk sir.

“Ajabo!“ –deydi shoir hovliqib, shoshib,
“Tavba!” –der yana shirin tabassum ila.

Har yonda cho‘qqilari bulutdan oshib,
Qalashgan tog‘lar kabi buyuk silsila.

Gumbazlar – naq samoga otilgan to‘lqin,
Bo‘larmi bir so‘z bilan aylasa bayon?

Shoir tashbeh izlaydi yuzida yolqin,
– Tosh tug‘yon! — deydi toshib, — tosh qotgan tug‘yon!

2018 yilda adib ijodi jamlanib 4 tomdan iborat kitob Toshkentdagi “Yangi asr avlodi”da nashr etildi. Kitoblar nainki dilga balki qo‘lga ham orom berar darajada nafis ishlangan. Har bir jildga shoirning o‘zi “Asr bilan vidolashuv”, “Yonayotgan dala”, “Abadiyat ostonasida” va “She’r san’ati” deya nom bergan.

Shoirning rang-barang suratlari bilan boyitilgan bu jildlar Jamol Kamol ijodi muxlislari uchun chinakamiga she’riy bayram bo‘ldi, desa bo‘ladi. Birinchi jild – “Asr bilan vidolashuv” iste’dodli adabiyotshunos olim filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqulning “She’riyat – dard va umid demak” sarlavhali maqolasi bilan ochiladi. Maqolada olim atoqli shoirning Mavlono Jaloliddin Rumiyning 6 jildlik “Ma’naviy-masnaviy”sini tarjima qilgani, buning uchun Turkiya jumhuriyati madaniyat vazirligining “Rumiy” oltin medali, Eron islom respublikasining davlat mukofoti bilan taqdirlanganini iftixor bilan bayon etadi.

Shoirning o‘zi bu haqda ilhom va jasorat bilan she’r bitgan. 

Mavlono Rumiyning dil so‘zlaridan,
Ajab sarxush bo‘lib kechdi tunlarim.

“Masnaviy”ning hikmat yulduzlaridan
Yorishdi charog‘on bo‘ldi tunlarim.

Biz hali hamon keksalikka bo‘y bermay, bo‘yin egmay ijod qilayotgan shoirning ijodlariga baraka va ilhom tilab qolamiz.


Toshtemir TURDIEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Denov tuman Ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi rahbaridi”.

1968 yilning may oyida buyuk yozuvchi Oybek rafiqasi Zarifa Saidnosirova bilan Buxoroga tashrif buyuradi. Bundan Jamol Kamol boshi ko‘klarga yetgudek bo‘lib quvonadi. Ularni birga suratga tushishga taklif etib, rizoliklarini olganda, Jamol Kamolning ta’biri bilan aytganda, “Soylarni to‘ldirib nilufar oqqanday, osmon yulduzlarga to‘lib ketganday bo‘ldi”.

Shundan so‘ng shoir Oybekka bag‘ishlab, “Tosh tug‘yon” asarini yaratdi. Yuqorida sanalgan dostonlar ichida menga negadir shu doston, eng baquvvat kam-ko‘stsiz badiiy jihatdan g‘oyat ko‘rkam ko‘rinadi.

Doston shoirning bor yigitlik kuch-quvvati bilan dunyoga kelganday.

Oybek Parijni kezdi, kezdi Rimni ham,
Ne-ne shaharlarga u bo‘lmadi asir.

Lekin Buxoro boshqa, bu boshqa olam,
Hayqirgan ummon kabi bunda buyuk sir.

“Ajabo!“ –deydi shoir hovliqib, shoshib,
“Tavba!” –der yana shirin tabassum ila.

Har yonda cho‘qqilari bulutdan oshib,
Qalashgan tog‘lar kabi buyuk silsila.

Gumbazlar – naq samoga otilgan to‘lqin,
Bo‘larmi bir so‘z bilan aylasa bayon?

Shoir tashbeh izlaydi yuzida yolqin,
– Tosh tug‘yon! — deydi toshib, — tosh qotgan tug‘yon!

2018 yilda adib ijodi jamlanib 4 tomdan iborat kitob Toshkentdagi “Yangi asr avlodi”da nashr etildi. Kitoblar nainki dilga balki qo‘lga ham orom berar darajada nafis ishlangan. Har bir jildga shoirning o‘zi “Asr bilan vidolashuv”, “Yonayotgan dala”, “Abadiyat ostonasida” va “She’r san’ati” deya nom bergan.

Shoirning rang-barang suratlari bilan boyitilgan bu jildlar Jamol Kamol ijodi muxlislari uchun chinakamiga she’riy bayram bo‘ldi, desa bo‘ladi. Birinchi jild – “Asr bilan vidolashuv” iste’dodli adabiyotshunos olim filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqulning “She’riyat – dard va umid demak” sarlavhali maqolasi bilan ochiladi. Maqolada olim atoqli shoirning Mavlono Jaloliddin Rumiyning 6 jildlik “Ma’naviy-masnaviy”sini tarjima qilgani, buning uchun Turkiya jumhuriyati madaniyat vazirligining “Rumiy” oltin medali, Eron islom respublikasining davlat mukofoti bilan taqdirlanganini iftixor bilan bayon etadi.

Shoirning o‘zi bu haqda ilhom va jasorat bilan she’r bitgan. 

Mavlono Rumiyning dil so‘zlaridan,
Ajab sarxush bo‘lib kechdi tunlarim.

“Masnaviy”ning hikmat yulduzlaridan
Yorishdi charog‘on bo‘ldi tunlarim.

Biz hali hamon keksalikka bo‘y bermay, bo‘yin egmay ijod qilayotgan shoirning ijodlariga baraka va ilhom tilab qolamiz.

Toshtemir TURDIEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Denov tuman Ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi rahbari