Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Shoir shunchalar ko‘pki, oyog‘ingni uzatsang, shoirga tegadi" – Hazrat Navoiy va Binoiy shatranj o‘yinida...
15:02 / 2022-02-08

Besh asrkim Hazrat Alisher Navoiyning ibratli hayoti va benazir asarlari ijod ahliga ilhom bag‘ishlab kelayapti. Shoir Asror Mo‘min ham “Rasul Hamzatov” dramasiga Hazratga ehtirom ko‘rsatishga oid ajib voqeani kiritgandi.

Keyin u Hazratning “Lison ut-tayr” dostoni asosida “Qush tili” dramasini yaratdi. Yaqinda esa tarixiy manbalar asosida “Hazrat Navoiy” dramasini yozib tugatdi. E’tiboringizga shu dramadan bir sahnasini havola qilamiz.

HAZRAT NAVOIY

Hazrat Navoiy bog‘i. Daraxtlar tartib bilan ekilgan. Qushlar sayrashi eshitiladi. O‘ngroqda tosh devorli kichik hovuz, yoniga kursi qo‘yilgan. Sal chaproqda supa, ustida kichik xontaxta, atrofiga ko‘rpachalar to‘shalgan. Xontaxta atrofida chordona qurib o‘tirgancha, Hazrat Navoiy va Binoiy shatranj o‘ynamoqda.

Hazrat Navoiy: – Bu yog‘i kishtu qoyim. Sulhga rozimisiz?

Binoiy: – Rozimen. Meni ma’zur tuting, boradigan joyimiz bor edi.

Hazrat Navoiy shatranj donalariga tikilib qoladi. Binoiy o‘rnidan turib, Hazratning o‘ng tomonidagi ko‘rpachaga o‘tirib, kovushini kiymoqchi bo‘ladi. Shu payt Hazrat Navoiy xayol bilan oyog‘ini yozadi va bexosdan oyog‘i Binoiyning orqasiga tegib ketadi.

Hazrat Navoiy (kulimsirab): – Hirotda shoirlar shunchalar ko‘pki, oyog‘ingni qayoqqa uzatsang, shoirning orqasiga tegadi.

Binoiy: – Navoiy janoblari, gapingiz haqqastrost. Hatto oyog‘ingizni yig‘sangiz ham, shoirning orqasiga tegadi. (kulishadi)

Hazrat Navoiy: – Janobi Binoiy, biz siz bilan faqat shatranj o‘ynagandagina sulhga kelamiz.

Shu vaqt bog‘ga Osifiy shoshib kirib keladi. U salom beradi, ikkalasi alik oladi.

Osifiy: – Sizning shirin suhbatingizga xalal berganim uchun meni ma’zur tutasizlar. Janobi Binoiy bilan bir joyga zarur ish bilan borishimiz kerak edi.

Hazrat Navoiy: – Janobi Osifiy, bu kecha ham albatta yangi ash’or bitgandursiz?

Osifiy: – Bu kecha ikki pullik sham yonib bitgunicha ikki yuz bayt yozibmen.

Hazrat Navoiy: (miyig‘ida kulib): – Unday bo‘lsa, sizning har yuz baytingiz bir pul ekan-da. (Uchalasi kulishadi)

Binoiy (istehzo bilan): – Osifiy janoblari, yuz bayti bir pul bo‘lgan ijodingizdan birortasi o‘qib berib, bizni bahramand etsangiz.

Osifiy (Binoiyga qarab): – Janobi Binoiy, yozgan yangi baytlarimdan birortasini o‘qir erdim, ammo janobi Navoiy tinglab bo‘lg‘och, binoyi ekan, deb meni xijolatga qo‘yadilar. (Uchalasi kulishadi) 

Binoiy va Osifiy xayrlashib, chiqib ketadi. Bir muddatdan keyin Shayx Bahlul Mavlono Fasihiddinni boshlab kiradi.

Mavlono Fasihiddin: – Assalomu alaykum, hazratim.

Hazrat Navoiy: – Vaalaykum assalom, mavlono. Kelsinlar.

Mavlono Fasihiddin (shatranjga qarab): – Shatranj donalarini intizor etibmen.

Hazrat Navoiy: – Qani, marhamat qilsinlar.

Ikkalasi supa ustiga chiqib, xontaxta atrofiga o‘tiradilar va shatranj donalarini tera boshlaydi.

Shayx Bahlul (ularga qarab): –

Ikki shatranj o‘ynog‘uchi ustod,

Arsai shatranjga aylab kushod.

Ikki jonibdin bo‘lub oromgir,

To‘ktilar o‘rtada shatranji kabir.



Mavlono Fasihiddin (Shayx Bahlulga qarab): – Bu Hazrat Navoiyning hali biz o‘qimag‘on baytlari bo‘lsa kerak. Biz amirimizning boshqa baytlarini bilurmiz.

Arsaga shatranji ulkim to‘kar,

Necha yig‘och porasidurkim o‘kar.

Chunki birov o‘lturubon har taraf,

Tersa bisot ichra ani ikki saf.

Har yon iki saf iki misra’ kibi,

To‘rt saf o‘lsa, ikki matla’ kibi.

 

Shayx Bahlul: – Tasanno, mavlono!

Mavlono Fasihiddin (Navoiyga qarab): – Yurish sizdan, amirim.

Shayx Bahlul chiqib ketadi va ko‘p o‘tmay Amir Burhoniddin Atoullo bilan qaytib keladi.

Burhoniddin: – Assalomu alaykum, azizlar. (Ikkalasi alik oladi)

Burhoniddin: – Navoiy hazratlari, ishim shoshilinch bo‘lgani uchun sizga xalal berishga jur’at etdim. Meni ma’zur tutasiz.

Hazrat Navoiy: – Shatranj donalari taxtadin qochib ketmas. So‘zlangiz, sizni qanday shoshilinch ish tashvishi bezovta qilmish?

Burhoniddin: – Tashakkur, hazratim. Har kun qishloqdin “Ixlosiya”ga qatnashdin qutulish uchun uzoq muddatlardan beri yaqin joydan bir hovli olish talabida edim. Hozir esa o‘shanday joy topdim, bir xonali imorati, ozgina hovlisi ham bor va uni uch ming dinor kepakiyga sotib olmoqchimen. Biroq, bu orada bir amaldor paydo bo‘lib, bu mablag‘ ustiga biroz mablag‘ qo‘shmoqda. Sotuvchi joyini unga sotish istaydi. Umid shuki, mulozimlaringiz u amaldorga, mazkur hovlini sotib olishdan voz kechish va menga qoldirish to‘g‘risida shahodat yuzasidan bir qog‘oz yozib bersalar yoki qarzga uch yuz dinor kepakiy berib tursalar, men shu hovlini sotib olardim.

Hazrat Navoiy: – Shatranj o‘yinimiz tugay deb qolgandi. Bizga o‘yinni tugatishimizga ruxsat bersangiz, keyin sizning ishingiz bilan bafurja shug‘ullanamiz.

Burhoniddin o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib tislanadi va hovuz yonidagi kursiga o‘tiradi. Hazrat Navoiy va Fasihiddin o‘yinni davom ettirishadi.

Burhoniddin (o‘ziga o‘zi): –  O‘zim Hazrat Navoiy qurdirgan madrasada dars bersam, har oy Hazratdan muntazam ravishda maosh olib tursam, yana kelib ul zotdan yordam, qarz so‘raganim nimasi? Bu iltimosim Hazratning ko‘ngliga og‘ir botdi (afsuslanib boshini chayqaydi).

Hazrat Navoiy: – Bu yog‘i kishtu qoyim. Sulhga rozimisiz. Sizday shatranji davron bilan sulh tuzmak menday faqir uchun sharafdir.

Mavlono Fasihiddin: – Yo‘q, Hazrat! Sizday shoiri sulton bilan shatranj o‘ynamoqning o‘zi menday faqir uchun sharafdir.

Hazrat Navoiy: – Mavlono, qaniydi shohlar ham shatranj shohlari kibi qon to‘kmasalar, sulhda bo‘lsalar. Alar bir-birlariga tinmay urush qiladilar, bundan raiyat jabr chekadi. Navqiron askarlar nobud bo‘ladi. Qancha bolalar yetim, qancha gulgun ayollar beva qoladi. Qancha uylar, bog‘-rog‘lar yonadi.

Mavlono Fasihiddin: – Shohlarni urushga gij-gijlovchi yonidagi boylikka o‘ch qing‘ir amaldorlardir. Alar to‘g‘ri so‘zlovchi kishilarni shohning yoniga yo‘latmaydilar. Bu haqda o‘zingiz yaxshi bayt bitgansiz.

Shah yonin farzin kibi kajlar maqom etmish, ne tong

Rostravlar arsadin gar tutsalar ruxdek qirog‘.

Amirim, yaxshiyamki, raiyat baxtiga siz borsiz. Hazratim, olmosdin bebaho bir baytingizni o‘qish istaymen.

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.

Qaniydi, bu da’vatingiz yer yuzindagi barcha shohlarning qulog‘iga yetib borsa va alar bu da’vatga qattiq rioya etsalar.

Hazrat Navoiy (Burhoniddin tomonga qaraydi): – Suhbat bilan bo‘lib sizni kutdirib qo‘ydik. Biz o‘ylab ko‘rdik. Sizga madrasa yonidagi bizga tegishli imorati ko‘p, bog‘i bor, havosi toza va hovuzdagi suvi shirin hovlini tortiq etsak munosibroq bo‘ladimi yoki o‘sha o‘zingiz aytgan hovlini qo‘lingizga kirishi uchun harakat qilaylikmi?

Burhoniddin (hayratga tushgancha): – Hazratim, muruvvatingizning cheki yo‘q. Tashakkur, hazratim! Ming bor tashakkur! 

Hazrat Navoiy: – Bildikki, sizga bizning tortig‘imiz ma’qul keldi. Bu bilan siz bizga muruvvat ko‘rsatdingiz. Sizga tashakkur, chunki bizni amaldorga qog‘oz yozish tashvishidan xalos etdingiz. Shayx Bahlul!

Shayx Bahlul “Labbay” degancha kirib keladi.

Hazrat Navoiy: – Siz Amir Burhoniddin janoblari bilan birga borasiz, bizga tegishli Mavlono Muhammad Muinning hovlisini ko‘rsatasiz va kalitlarini topshirasiz.

Burhoniddin: – Tashakkur, hazratim! Ming bor tashakkur!

Mavlono Fasihiddin: – Yangi hovli qutlug‘ bo‘lsin!

Burhoniddin: – Qulluq, qulluq, taqsirlar.

Shayx Bahlul va Burhoniddin chiqib ketadi. Fasihiddin ham xayrlashadi. Hazrat Navoiy bog‘da yolg‘iz qoladi, asta qadam tashlab, hovuz yoniga boradi, suvga biroz tikilib turadi va g‘azal o‘qiydi.

Jonda ishqing bo‘lg‘usi, to tanda jon bo‘lg‘usidur,

Tanda jondek jonaro ishqing nihon bo‘lg‘usidur...

O‘zA