Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, "Shuhrat" medali sohibi, shoir Shuhrat Orif bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, shoirning muxlislari ishtirok etdi.
Tadbirda Shuhrat Orif o‘zining hayoti va ijod yo‘li, ustozlari, bugungi o‘zbek adabiy jarayoni haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mamlakatimizda keyingi yillarda adabiyot va san’atni, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor to‘g‘risida fikr almashdi. She’rlaridan namunalar o‘qib berdi.
– Shuhrat Orif she’rlarida o‘zgacha nafosat, mehr-oqibat, sof muhabbat kabi yuksak qadriyatlar tarannum etilgani bilan muxlislari qalbidan chuqur joy olgan, – deydi O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani O.Shofiyev.
– U bugungi o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos yo‘l va ovozga ega shoir. Fakultetimiz talabalari shoir she’rlarini sevib mutolaa qiladi.
Uchrashuvda talabalar shoir she’rlarini yoddan o‘qidi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Qiziqarli adabiyot va she’riyat kechasiga aylangan uchrashuv yakunida shoir tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga “Men asli odammas, yor edim” she’rlar to‘plamini tuhfa qildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA