-
Hayot so‘qmog‘ida senga duch kelib,
Dil yoqqan otashga oshna bo‘lganman.
So‘ng taqdir bizlarni yiroqlar qilib,
Shirin so‘zlaringga tashna bo‘lganman.
Yosh shoir Sardor Suyun romantikaga qiziqadi, go‘zallikni sevadi. Shu boisdan tabiat go‘zalliklaridan bahra olishni diliga tugib qo‘ydi.
U Qiziriq tumanidagi “Toza hudud” tashkilotida ishlar edi. Vatanimizning olis go‘shalariga sayohat qilishni orzu qildi. Shoir yoshligidan yurtimizning go‘zal qishloqlarini kezar edi. Odamlarning farovon hayoti, sevgi-muhabbat xususida she’rlar bitishni xush ko‘rardi.
Bilasan, men seni juda sevaman,
Juda qizg‘anaman soyamdan hatto.
O‘zgaga jilmaysang, o‘tda yonaman,
Bu o‘rganish emas, bu emas xato.
U jonajon O‘zbekistonning xushmanzara joylarini, betakror tabiatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni, tomosha qilishni xohladi. Qadimiy yurtimizning boshqa viloyatlaridagi ajoyib insonlar bilan suhbat qurishni istab qoldi. Shu boisdan yengil mashinada emas, Vatanimiz bayrog‘ini yelkasida ko‘targan holda o‘zining qadrdon velosipedida Toshkentga jo‘nadi.
U bir haftadan ziyod vaqt mobaynida yo‘l yurib, yurtimizda yaxshi insonlar ko‘pligiga amin bo‘ldi. Vatanimiz so‘nggi yillarda gullab-yashnayotganini, bundan atigi o‘n yillar avvalgidan ko‘ra hatto olis tumanlarda ham osmono‘par binolar, shinam uy-joylar qad rostlayotganini ko‘rib, juda quvondi.
– Velosipedda yurish mazza ekan, – deydi u. – Toshkentga kelguncha tabiat go‘zalliklaridan bahra oldim. Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryoda yaxshi insonlar, ayrim ijodkorlar bilan dildan gurung qildim.
U poytaxtga kelganida shahar havosi yanada toza bo‘lishi uchun boshqalar ham velosipeddan foydalanishi lozimligini yanada yaxshiroq his etdi.
–Yaponiya yoki Xitoydagi odamlar kabi toshkentliklarning ham shu arzon ulovda yurishini istab, targ‘ib qilayapman, – deydi yosh shoir Sardor Suyun.
U bilan suhbatlashganimda poytaxtga kelib, bir nechta she’rlar yozganini aytdi va asarlaridan ayrimlarini hayajon bilan o‘qishga kirishdi.
Bilasan, men seni juda sevaman,
Lekin aytolmayman ko‘zingga boqib.
Bir kun aytgum deya dilga tuyaman,
Bu sevgi hijronda ketmasdan yoqib.
Gurung so‘ngida yurtimizni sayohat qilishni sevadigan romantik shoirga omad tiladim.
Jovli Xushboqov, O‘zA muxbiri