Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shoir el qalbida yashamoqda
15:47 / 2025-08-27

Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari rivojiga katta hissa qo‘shgan bir qator marhum olim, shoir va adiblarni mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonga imzo chekdi. Unga binoan, O‘zbekiston xalq shoiri, Sirdaryoning faxri To‘ra Sulaymon ham “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Bu e’tirof nafaqat shoir farzandlarini, balki barcha sirdaryoliklarni quvontirdi.

To‘ra Sulaymon — xalq shoiri, Guliston davlat universiteti professori sifatida ko‘plab ijodkorlarga ustozlik qilgan ardoqli inson edi. Bugun oramizda bo‘lmasada, uning «Intizor», «Hamqishloqlarim», «Sayhon», «Sensiz yolg‘iz, g‘arib bo‘ldim...», «Qorako‘zginam», «Jahonnoma», «Jahongashta», «Gul bir yon, chaman bir yon», «Iltijo» kabi to‘plamlari hanuz adabiyot ixlosmandlari qalbini rom etib kelmoqda.. Shuningdek, «Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda», «Gul bir yon, chaman bir yon», «Qimiz yigitni tebratar, yigit suluvni tebratar...»  kabi qo‘shiqlari esa xalq orasida juda mashhur bo‘lib ketgan.

Shoir umrguzaronlik qilgan uy hozir  davlatimiz rahbari tashabbusi bilan muzeyga aylantirilgan.  Bugun Mirzaobod tumanining Turg‘un Ahmedov mahallasida joylashgan ushbu xonadonda mukofotni shoir farzandlariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, shoir va publitsist Abdunabi Boyqo‘ziyev, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Bekzod Ismatov, Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Noriniso Qosimova, ma’naviyatshunos olim Ravshanbek Mahmudov, tuman hokimi Abdurahim Umarov hamda ijodkorlar, nuroniylar, shoir oila a’zolari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi.

Minhojiddin Mirzo davlat rahbarining farmonini o‘qib eshittirdi va shoirning o‘g‘li Mirzo Sulaymonovga mukofotni topshirdi.

–  Bu voqea butun xalqimizni to‘lqinlantirdi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, –  dedi u. –  Chunki bu e’zoz, avvalo, millat va Vatan uchun xizmat qilgan insonlarga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasidir. To‘ra Sulaymon ana shunday insonlardan edi. Uning har bir satrida millat qalbini, har bir she’rida xalq ruhiyatini his etish mumkin. Shu bois ustoz shoirning e’zozlanishi bejiz emas. U qo‘shiqlaridan birida “Ketma, bahor, mening bog‘imdan” degan edi. Mana bugun ustoz qadami tekkan xonadonda turib, uning bahori hech qachon ketmasligiga, shoir yurt qalbida hamisha  yashashiga yana bir bor guvoh bo‘ldik.

Shundan so‘ng, shoirning qizi Zarifa Musulmonqulova, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Abdunabi Boyqo‘ziyev, Noriniso Qosimova, Ravshanbek Mahmudov va Bahor Xolbekovalar ustoz haqidagi xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.

–  Biz To‘ra akaning to‘garagidan chiqqanmiz, –  dedi shoira Bahor Xolbekova. –  Ustozimiz shu qadar kamtar inson edilarki, she’rlarini biz shogirdlariga o‘qitib, fikrimizni so‘rar edilar. Mustabid tuzum hukmron davrda ham haq so‘zni qo‘rqmay aytgan. Bunga «Ergash Jumanbulbul o‘g‘li el kezadi» turkumi yaqqol misoldir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri