Har yili 27 noyabr sanasi yurtimizda qoraqalpoq adabiyotining atoqli namoyandasi, buyuk so‘z san’atkori Berdaq Qarg‘aboy o‘g‘lining tavallud kuni sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu sana munosabati bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi, taniqli yozuvchi va shoirlar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar Nukus shahri markazidagi shoirning haykali poyiga gulchambar qo‘yishib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.

Bu sana nafaqat buyuk shoirning hayoti va merosini xotirlash, balki yosh avlod qalbiga adabiyotga bo‘lgan muhabbat ruhini singdirishi bilan ham muhim ahamiyatga ega. Butun umr mehnatkash xalqning orzu-umidlari va dardini tarannum etgan shoir nomi mangulikka daxldordir, yozgan asarlari esa bugun ham o‘z ahamiyatini zarracha ham yo‘qotgani yo‘q.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida o‘tkazilgan “Berdaq xalq bilan, xalq Berdaq bilan” nomli adabiy kecha davomida universitet rahbariyati va adabiyot vakillari shoirning dono fikrlari, xalq dardi va tashvishlarini kuylagan asarlari bugungi yoshlarning kamoloti uchun beqiyos ma’naviy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashdi.
Berdaq ijodi faqat qoraqalpoq adabiyotidagina emas, balki boshqa xalqlar, jumladan o‘zbek xalqi orasida ham o‘z izdoshlarini topgan ijoddir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri