Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi 40-maktabda mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan shoir, yozuvchi va olimlari bilan tez-tez uchrashuvlar bo‘lib turadi.
Kuni kecha ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi, shoir Turob Niyoz bilan bo‘lib o‘tdi. Unda shoirning yaqindagina nashrdan chiqqan, bolalar uchun yozilgan “Sabzavotlar gurungi” kitobi to‘g‘risida so‘z bordi.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar kitobning mazmun-mohiyati va badiiy jihatlari haqida fikr yuritishdi, to‘plamdan olgan taassurotlarini gapirib berishdi.
Ushbu kitobdan 30 ga yaqin she’r o‘rin olgan bo‘lib, ularda bolalarning Vatan, ota-ona, tabiat, kitob, ilm va do‘stlikka bo‘lgan muhabbat va munosabatlari aks etgan. Bundan tashqari, kitobdagi 250 dan ortiq topishmoqlar bolalar zehnini o‘stirish, charxlash, olgan bilimlarni o‘ziga xos tarzda sinovdan o‘tkazishga xizmat qiladi.

Taqdimot davomida o‘quvchilar kitobdagi ayrim she’rlarni yoddan o‘qishdi, ikki guruhga bo‘lingan holda bir-birlariga topishmoqlar aytishdi va ularning javoblarini topishga harakat qilishdi. Shuningdek, o‘quvchilar ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqslar davraga o‘zgacha joziba va shukuh baxsh etdi.

Uchrashuv so‘nggida Turob Niyoz o‘zining yangi she’rlaridan o‘qib berdi va maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining savollariga javob qaytardi.
T.Mamadiyorov, O‘zA