Vatanimiz tarixidagi 31 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1872 yil (bundan 149 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarini Sankt-Peterburgdagi Imperator xalq kutubxonasi direktori Ivan Delyanovga yubordi. Kitob miniatyura bilan bezatilgan qadimgi qo‘lyozma nusxalaridan birini edi,
Shu yilning boshlarida Toshkentda chor ma’murlari mazkur nihoyatda noyob kitobning mavjudligini aniqlab, egasiga arzimagan pul berib, uni tortib olgan edi.
Imperator xalq kutubxonasi direktori 1872 yil 15 mayda fon Kaufmanga xat yozib, kutubxonaga sovg‘a qilgan Firdavsiyning “Shohnoma” asari qo‘lyozmasini olganligini xabar kilgan va minnatdorchilik bildirgan. Shunday qilib, Turkistondagi chor amaldorlarining zo‘ravonligi bilan Toshkentdagi “Shohnoma”ning qadimgi noyob qo‘lyozmalaridan biri Sankt-Peterburgga borib qoldi. Hozirda u Saltikov-Shchedrin nomli Davlat xalq kutubxonasida saqlanmoqda.
1918 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlari Sovetining dekretiga binoan o‘lkadagi 20 ta bosmaxona va litografiya (toshbosma)lar davlat ixtiyoriga tortib olindi. Bundan ko‘zlangan maqsad nashr organlari hamda matbuotni to‘liq hokimiyat ixtiyoriga olib, uni o‘z manfaatlari yo‘lida xizmat qilishga bo‘ysundirish, fikr va so‘z erkinligiga barham berish edi.
1921 yil (bundan 100 yil oldin) – O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi Munavvarqori Abdurashidxonov Buxorodan chaqirib olinib, Toshkentda qamoqqa tashlandi. U 8 oy davomida qamoqda bo‘ldi. Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonovning qamoqqa olinishi juda katta noroziliklarni keltirib chiqaradi. Bir qator namoyishlar tashkil etildi.
Xalqning otashin shoiri sifatida endigina tanila boshlagan Botu “Gulyor” she’rini bitdi. Xalqona ohangga solingan she’r sodda tili bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozondi. She’r ko‘plab taraqqiyparvar yoshlar va o‘quvchilar tomonidan yod olingan va yig‘lab kuylangan edi.
Sobiq sovet hukumati 1921 yil dekabr oyida Munavvarqorini ozodlikka chiqarishga majbur bo‘lgan. Qamoqdan og‘ir bir holda qutilgan Munavvarkori bir muddat davolanganidan so‘ng – 1922 yil o‘rtalarida Toshkent shahriga kelib, Eski shahar ijtimoiy tarbiya bo‘limi mudiri vazifasida ish boshladi.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzurida Oliy attestatsiya komissiyasi (O‘zbekiston Respublikasi OAK)ni tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1995 yil (bundan 26 yil oldin) – Nukusda qoraqalpoq adabiyotining mumtoz vakili Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 170 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
2000 yil (bundan 21 yil oldin) – Toshkentda Xalqaro biznes-markaz ish boshladi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi