Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotir.
Farg‘ona viloyatida esa mazkur yo‘nalishda keng imkoniyatlar mavjud. Shuning uchun ham davlat rahbarining yaqinda qabul qilgan qarori asosida “Farg‘ona” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilmoqda. Bu voqea xorijlik investorlarda ham qiziqishni ortirdi. Fransiyaning “POMA SAS” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Anton Chudayev Farg‘onaga kelib ilg‘or xalqaro tajribalar asosida Farg‘ona tumanining Shohimardon qishlog‘ida zamonaviy turizm maskani, xususan, osma dor yo‘lini barpo etish loyihasi bilan tanishdi. Shuningdek, boshqa hududlardagi loyihalar bo‘yicha viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabulida bo‘lgan chog‘ida fikr almashdi. Viloyat rahbari loyihani yanada takomillashtirish, hamkorlikdagi ishlar bo‘yicha qator takliflar aytdi.

Fransuz mutaxassislari dunyoda tor doiradagi noyob loyihalar muallifi va quruvchisidir. “POMA” (PomaGalski S.A.) esa kabelli transport tizimlari sohasidagi injenerlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. U osma yo‘llar, funikuler, tog‘-chang‘i kurortlari uchun ko‘tarilish yo‘laklari hamda shaharlarga eskalator transporti tizimlarini loyihalash, ishlab chiqarish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda “POMA” 90 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, 8 mingdan ziyod loyihani amalga oshirgan.
Nasib qilsa, kelgusi 2027 yilda Shohimardonga kelgan dam oluvchilar fransuz osma dor yo‘lida Yordon qishlog‘i va Dugoba dam olish hududigacha ikki bosqichda yetib oladilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA