Farg‘ona viloyatining anklav hududida joylashgan Shohimardon qishlog‘idagi bolalar oromgohi yana o‘z faoliyatini boshladi.
Ma’lum sabablarga ko‘ra ilgari “Ipakchi” nomi bilan ishlab kelgan ushbu bolalar oromgohi 1998 yilda butkul yopilgan edi. Qariyb chorak asrdan so‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi tashabbusi bilan oromgohda yana o‘g‘il-qizlarning shodon kulgisi yangramoqda.
Xalq deputatlari Farg‘ona tumani Kengashi deputati Rustamjon Karimovning qayd etishicha, atrofi purviqor tog‘ bilan o‘ralgan so‘lim oromgohda joriy mavsumda 3 navbatda Farg‘ona tumani, xususan, Shohimardon va Yordon qishlog‘ining 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolajonlari maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda ularning 80 nafari oromgohda yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, ezgu maqsad yo‘lida bu yerda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilib, binolar to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Kelajagimiz vorislari o‘zlari qiziqqan fan, sport to‘garaklariga qatnashishi uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Oromgohda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning farzandlari bilan birga hududdagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari bepul yo‘llanmalar asosida dam olishlari mumkin.
Farg‘ona tumani tibbiyot birlashmasida kichik tibbiy xodim bo‘lib ishlovchi Sharifa Ro‘ziboyeva farzandi Azizbek Sobirov “Shohimardon” oromgohiga kelganidan juda ham mamnun.
– Tengdoshlarim bilan mazza qilib o‘ynayapmiz, – deydi Azizbek onasining bag‘rida erkalanib. – Bu yerda juda ko‘p do‘stlar orttirdim. Har kuni tabiatga sayohatga chiqamiz, qo‘shiq aytamiz, sport bilan shug‘ullanamiz. Endi har yili yozda shu yerga kelaman.
M. Sulaymonov, O‘zA