Qo‘qon shahrida “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan tanlovda yakka-yolg‘iz keksalar, nogironligi bor shaxslarning qarovi va sog‘lig‘ini himoyalashdek mehnat faoliyatini yurituvchi ijtimoiy xodimlar o‘rtasida kasbiy mahorat ustalari tanlab olindi.
Bunga qadar agentlikning tuman va shahar bo‘limlari hamda viloyatlar boshqarmalari darajasida birinchi va ikkinchi bosqich tanlovlari o‘tkazilib, 14 nafar g‘olib respublika bosqichida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilar ikki shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Birini navbatda ijtimoiy xodimlarning mehnat faoliyatiga oid yo‘riqlar, qonunlar va qonunosti hujjatlarini nechog‘li bilishi sinovdan o‘tkazildi. Tanlovning ikkinchi shartida esa ishtirokchilar erkin mavzuda o‘zlari tayyorlab kelgan sahna ko‘rinishlarini namoyish qildi. Albatta, ushbu sahna ko‘rinishlarida ijtimoiy xodimlarning mehnat faoliyati davomida ro‘y berayotgan ta’sirchan va hayotiy voqeliklar, davlat va jamiyatning yakka-yolg‘iz keksalar hamda nogironligi bor shaxslarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari aks etdi. Shuning barobarida ijtimoiy xodimlarning shaxsi, ularning ichki dunyosi yoritib berildi.
[gallery-4583]
Kasbiy mahorati tanlov hay’ati tomonidan yuqori baholangan Farg‘ona viloyati tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi Oltiariq tuman bo‘limining ijtimoiy xodimi Shohida Uzoqova “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi”, deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatining tashkil etilishi, uning tarkibidagi ijtimoiy xodimlar mehnat faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda kuchli ijtimoiy himoya tamoyillari davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini ko‘rsatadi. Va bu tamoyil har qachon ham xalqparvar, demokratik jamiyatning asosiy ustuni bo‘lib qolaveradi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA