O‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, qomusiy olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar Andijon shahridagi Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘i – Bog‘i Boburda xalq sayli, adabiyot bayrami tarzida bo‘lib o‘tmoqda.
Bog‘i Boburda savdo yarmarkalar, kitoblar, yosh musavvirlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Viloyat teatrlari san’atkorlari tomonidan Bobur hayoti va ijodiga oid sahna ko‘rinishlari, badiiy jamoalarning konsert dasturlari namoyish etildi.
O‘quv yurtlari talabalari, umumta’lim maktablari, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari Boburning go‘zal ruboiy va g‘azallaridan namunalar o‘qidi.
Adabiyot bayrami tadbirida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, boburshunos olimlar, xorijlik mehmonlar, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirokida Bobur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi, ulug‘ shoirga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
Bayram tadbirida so‘z olgan viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, misrlik boburshunos olim, professor Xashim Ismoil va boshqalar ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan yaratilgan nodir, bebaho badiiy va ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining yuksaltirishdagi ahamiyati, ijodini o‘rganish va targ‘ib etish haqida gapirdi.
Tashkil etilgan g‘azalxonlikda viloyatdagi korxona, tashkilot, ta’lim muassasalari vakillari Bobur g‘azallarini ifodali va chiroyli aytish bo‘yicha bahslashdi.
[gallery-27666]
Bayram tadbirlarida tashkilotlar, ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida mushoiralar, Bobur ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etiladi, mumtoz kuy-qo‘shiqlar yangraydi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.