Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini aniq belgilovchi yirik adib va shoirlari, ulug‘ shohlari, buyuk olimlari bo‘ladi.
Jamiyatning abadiyatga mansub ana shunday buyuk farzandlari safida Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z o‘rniga ega.
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?
Bobur, birinchi navbatda, shoh, boburiylar sulolasining asoschisi. Buyuk shoh Bobur Hindistonda temuriylarga xos ulug‘ bunyodkorlik an’analarini davom ettirdi: muhtasham qasrlar tiklash, ariq-kanallar qazish, bog‘-rog‘lar bunyod etish, adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qilish, elni adolat bilan boshqarish singari fazilatlar keyinchalik Hindistonning buyuk farzandlari tomonidan chinakam ijobiy baholandi. Hindistonning buyuk davlat arbobi Javohirla’l Nehru o‘zining asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida samimiyatga to‘liq ushbu fikrlarni izhor etgan: “Bobur — dilbar shaxs. Uyg‘onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam bo‘lgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va o‘smirlik yillari haqida roman yozgan “Boburnoma”ning ingliz tarjimoni Uilyam Erskin Boburni Osiyo podshohlariga qiyosan shunday baholaydi: “Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.
O‘zbekiston va jahon olimlari sa’y-harakatlari, zahmatli ko‘p asrlik mehnatlari tufayli Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi butun barkamolligi bilan tarixiy va adabiy siymo sifatida baralla qad ko‘tardi.
O‘zbekistonda Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, asarlarining ilmiy akademik va ommaviy nashrlarini e’lon qilish asosan o‘tgan XX asrning 40-yillaridan boshlandi. Ushbu xayrli ish boshlanishiga muayyan ma’noda Alisher Navoiy tavalludi tantanalarining rejalashtirilishi va o‘tkazilishi ham turtki bo‘lgan, degan fikrlar bor.
Buyuk istiqlol shoh va shoir Bobur bo‘y-bastini o‘z eliga namoyish qilishning yangi-yangi imkoniyatlarini yaratdi. Mustaqillik va milliy g‘oya olimlarga boburshunoslikda o‘ziga xos qanot berdi, deyish mumkin. Ushbu yillarda Bobur va boburiy ijodkorlar asarlarini katta tirajlarda nashr qilish jadal sur’atlarda davom etdi.
1992 yil fevralidan ta’sis etilgan Bobur xalqaro xayriya fondi ham Zahiriddin Muhammad Bobur abadiyatini ta’minlashda, Bobur va boburiylar asarlari, tarjimalari va ular haqidagi jahon olimlarining tadqiqotlarini qo‘lyozma, toshbosma va tipografik nashrlar holida o‘z vataniga – Andijonga olib kelishda ko‘plab xayrli ishlarni bajarmoqda.
O‘zbek millati va O‘zbekistonni o‘z shoh asari “Boburnoma” bilan jahonga tanitgan shoh va shoir Bobur tavalludining bu yil 539 yilligi tantanalari maktablar, ma’rifiy dargohlardagina emas, balki ko‘pmillatli xalqlarimiz ko‘ngillarida ham aks-sado bermoqda.
Akbar Axtamov,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘lim boshqaruvi raisi.
O‘zA