French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shogirdlarimning yutuqlari men uchun faxr
20:26 / 2022-01-03

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi bir qishloqda, oddiy oilada tavallud topdim. Maktabda o‘qigan o‘tgan asrning 80-90 yillarida, ta’lim sho‘roviy tizimda amalga oshirilardi. O‘sha davr o‘quvchilarining deyarli barchasida, ayniqsa, qishloq o‘quvchilarida qishki, bahorgi, kuzgi ta’til atamalarigina bor edi, xolos.

Chigit ekish, chopiq va boshqa dala ishlari bilan salkam dekabr oyi o‘rtalarigacha paxta terimida qatnashar edik. Darslarimiz qolib ketgani uchun o‘sha ta’til kunlari yetib olish maqsadida o‘qishimizga to‘g‘ri kelardi.

Sport zalini Jizzax davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetida o‘qib yurgan kezlarim, shahar maktabiga amaliyotga chiqqanimizda ko‘rganman.

Bugun-chi? Birgina Jizzax viloyatida 500 dan ortiq umumta’lim maktabi bo‘lsa, ularning 90-95 foizi zamonaviy sport zali, yozgi sport majmuasiga ega.

Yodimda, o‘quvchilik kezlarimizda, qish qorli, sovuq kelar ekanmi, jismoniy tarbiya darsida o‘qituvchimiz butun sinfga 1 dona shaxmat qutisini ko‘tarib kelib, (uning ham ba’zi figuralari singan, ba’zilari yo‘qolgan) “bugungi darsimizda shaxmat o‘ynashni o‘rganamiz”, der edi...

O‘zim salkam 27 yildan buyon mehnat qilayotgan Sharof Rashidov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi esa mustaqillik yillarida, ya’ni 2005 yilda tashkil topdi.

O‘quvchilar 942 nafar. O‘g‘il-qizlar maktab qoshida tashkil etilgan 27 ta turli to‘garakda, jumladan, 15 ta fan, 8 ta jismoniy tarbiya va sport hamda 4 ta ijtimoiy-madaniy kasb-hunar to‘garaklarida mahoratli ustozlardan shu yo‘nalish sir-asrorlarini o‘rganayotir.

Maktabda futbol, basketbol, voleybol va gandbol maydonchalari hamda 1 ta 12x24 metr hajmdagi yopiq sport zali mahallamiz o‘quvchi-yoshlarini dars jarayoni va bo‘sh paytlarini mazmunli o‘tkazishi uchun xizmatda.

Bulardan tashqari, salkam 3 ming kitob fondiga ega kutubxonamiz, faollar zali, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter xonasi, 4 ta videoproyektor mavjud.

2010 yilda sportning shaxmat turi bo‘yicha shogirdim Komiljon Baxtiyorov kichik yoshli o‘quvchilar o‘rtasidagi respublika musobaqasida qatnashib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. 2012-2013 o‘quv yillarida esa Komiljon va Maftuna Ermamatova respublika miqyosida o‘smirlar o‘rasida o‘tgan shaxmat bellashuvida har ikkisi 3-o‘rinni egalladi.

2016 va 2017 yillarda shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida viloyat ochiq chempionati o‘tkazilib, Maftuna Ermamatova ham, Komiljon Baxtiyorov ham ikki yil qatorasiga 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi va mamlakat birinchiligida faxrli o‘rinni egalladi.

Maktabimiz yosh shaxmatchilari 2018 yilda o‘tgan o‘quvchi-yoshlarning “Umid nihollari” sport musobaqasida sportning shaxmat turidan viloyat chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘lishganida, mendan baxtliroq insonning o‘zi bo‘lmadi.

Keyingi 3 yilda shogirdlarimdan Asliddin Saidqulov, Mushtariy Ahmedova, Nurmuhammad Ahmedov sportning shaxmat turidan viloyat ochiq birinchiliklarida muntazam 1- va 2-o‘rinlarni egallab, respublika bosqichida kuchli 10 talik shaxmatchilar qatoridan tushmay kelmoqda.

Maktabimiz o‘quvchilari sportning birgina shaxmat turida emas, balki, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, yengil atletika, boks, kurash turlarida ham tuman, viloyat, respublika musobaqalarida yaxshi ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritayotir.

Maktabimiz o‘quvchilari erishgan yutuqlar nafaqat sportda, balki fan olimpiadalari, turli ko‘rik-tanlovlarda ham talaygina.

Amalga oshirgan kamtarona mehnatlarim inobatga olinib, o‘tgan 2021 yili “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, men II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandim.

Davlat mukofotini olganimni birinchi bo‘lib, ustozim, maktabimiz direktori Muhabbat Muxtorovadan eshitdim. Avvaliga ishonmadim. “Chekka bir qishloqning oddiygina jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lsam, menga mukofot, yana Davlat mukofoti berilarmidi?” degan o‘y xayolimdan o‘tdi.

Ko‘zlarimga yosh keldi.

Bu mukofot bir menga emas, balki men mehnat qilayotgan 3-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga, turli fan olimpiadalari, sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlarda zafar quchib, yuzimizni yorug‘ qilib kelayotgan shogirdlarimizga berilgan mukofot, deb o‘ylayman.

Olimjon Hasanov,
Sharof Rashidov tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi, 
II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi.

O‘zA