Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shofirkonlik yoshlarga tomorqa yerlar ajratilmoqda
16:21 / 2024-04-13

Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi chandirlik Bekzod Ismoilov oilaning yagona boquvchisi bo‘lgani bois, bir necha yildirki, Rossiyada ishlab keladi. Oilasi bag‘riga qaytgan Bekzod yaqinlari bag‘rida, o‘z yurtida mehnat qilib daromad topish istagida tomorqa yeri olib, unda ishlash istagini bildirgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng, Bekzod ham bu imkoniyatdan bebahra qolmadi. Auksion savdosida g‘olib bo‘lib, 12 sotix yerni o‘z tasarrufiga oldi.

Mazkur masalada tuman hokimi Alisher Fayzullayev boshchiligidagi mutasaddilar Chandir va Xorin mahallalarida bo‘ldi. Yoshlarga yer maydoni ajratib berish jarayoni tashkillashtirildi.

–Chet elda migrant bo‘lib yurgandan ko‘ra, yurtimizda mehnat qilib oilamni boqaman, –deydi Bekzod Ismoilov. –O‘zimning yurtimda Prezidentimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shu imkoniyatlardan to‘liq foydalanaman. Menga berilgan unumdor yerga dehqonchilik qilaman. Ro‘zg‘orim uchun kerakli barcha sabzavotlarni ekaman. Ortiqchasini bozorga olib chiqib sotaman va daromad olaman. 

Hududdagi “Alpomish” fermer xo‘jaligidan 2,6 gektar yer maydoni tuman zaxirasiga qaytarilgani holda mahallada yashovchi 21 nafar ehtiyojmand oilaning mehnatga layoqatli farzandlariga 10-12 sotixdan taqsimlab berildi. Endilikda mazkur yerda ro‘zg‘or uchun zarur kartoshka, piyoz, bulg‘or qalampiri, baqlajon, pomidor, bodring, lavlagi, oshqovoq kabi sabzavot, poliz mahsulotlari, qolaversa, loviya, mosh kabi dukkakli ekinlar ekib yetishtirish va har bir oilaning o‘z ehtiyojiga yarasha daromad topish imkoniyati yaratilmoqda.

Xorinlik yoshlar ham davlatimiz rahbarining ertamiz egalariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, ularning bandligini ta’minlash, daromadini oshirish yo‘lidagi tashabbus va g‘amxo‘rligidan unumli foydalangan holda o‘zlariga berilgan yer maydonida dehqonchilikni boshladi.

Jumladan, hududdagi "Qodirov Qosimbobo" fermer xo‘jaligi tasarrufida bo‘lgan va hozir Umrzoq Qayumov va uning turmush o‘rtog‘i Gulanor Nutfullayevaga berilgan 45 sotixli yer maydoni obdon tayyorlandi. Jo‘yak tortilib, loviya, maydon atrofiga esa qovoq ekilgani ayni muddao bo‘ldi. Mehnatkash oila uch oylik mehnatdan so‘ng 20 million so‘mdan oshirib daromad olish, tomorqa yeri atrofini panjaralar bilan o‘rab olib, dehqonchilikni rivojlantirishni mo‘ljallamoqda.

Mazkur qishloqda shu kuni tuman mutasaddilari, mahalla faollari boshchiligida jami o‘ttizga yaqin oilaga umumiy 8,4 gektar yer maydoni taqsimlab berildi. Sug‘orish tarmog‘ini tartibga solish, yerni ekishga puxta tayyorlash, sabzavot-poliz mahsulotlari urug‘larini to‘g‘ri tanlash va mo‘l hosil yetishtirish yuzasidan tomorqa egalariga yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri