Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 1 ming 200 o‘rinli “Amirtex” yorlig‘i ostida “AZTEX” tikuvchilik fabrikasining “Shofirkon paxta tozalash zavodi” MCHJ yonidan ajratilgan 2,8 gektar maydonning 1 ming 300 metr kvadrat alohida yerida ikki qavatli korxona binosi qurilishi joriy yil boshidan loyihalashtirilgan va mart oyidan boshlangan edi.
“Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida pudrat korxonaning yuzdan ortiq ishchi-mutaxassisi qo‘li bilan barpo qilingan bu inshoot – Turkiya davlati texnologiyasi asosida qurilgan 120 metrga 108 metr o‘lchamidagi katta sex zamonaviy tikuv uskuna va dastgohlari bilan jihozlandi. Loyiha umumiy qiymati 50 milliard 700 million so‘mga teng.
Ushbu korxonada 14 milliard 170 million so‘m mablag‘ evaziga Yaponiyadan 660 dona zamonaviy tikuv mashinasi keltirilgan va yana mablag‘lar zarur uskuna xarid qilishga yo‘naltirildi. Fabrikada har birida 30 ta tikuv mashinasidan iborat 22 ta guruh ishlab chiqarish tikuv yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Jarayonda 10 milliard 900 million so‘m mablag‘ ishlab chiqarish uchun zarur yarim tayyor xom ashyo – mato uchun sarflanmoqda.
[gallery-8001]
Tumanda ushbu yirik ishlab chiqarish korxonasining faoliyat boshlashi hudud iqtisodiy-ijtimoiy hayotida o‘ziga xos yangilik. Sababi tumanning 1 ming 200 dan oshiq chevar xotin-qizi mazkur korxona tufayli ishli, o‘nlab, yuzlab oilalar moddiy manfaatdor bo‘ldi.
– Korxona ishchi jamoasini shakllantirish, mehnatga layoqatli chevarlarni saralashda kam ta’minlangan oilalarda ishsiz va daromadsiz qolgan xotin-qizlar salohiyati alohida o‘rganildi, – deydi “Guliston” mahallasi hokim yordamchisi Zafar Umurov. – Ulardan 50 nafardan ortig‘i shu yerda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan viloyat monomarkazi filialida kasb-hunar kursiga jalb qilindi. Keyin ishga qabul qilindi. Hozir bu ishchilarimizga 2 million so‘mgacha oylik maosh tayinlangan. Qolaversa, yana o‘ttiz nafar xuddi shu toifadagi xotin-qizlarni o‘qishga jalb qilganmiz.
Zamonaviy tikuv sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborlari, ofis va qo‘shimcha binolariga ega bo‘lgan yaxlit majmuada ish barqaror tashkillashtirilishi hisobidan yiliga 1 million 100 ming dona kiyim-kechak tayyorlash ko‘zda tutilgan. Eng asosiysi, ushbu mahsulotlarning 70 foizi mahalliy bozor va buyurtmachilarga, 30 foizi esa xorijiy hamkorlarga yetkazib beriladi.
Bir yilda mahsulot ishlab chiqarish qiymati esa 264 milliard so‘mga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA