Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shofirkonda “Yashil makon” doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadallashdi
11:29 / 2025-12-04

Mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil maydonlarni kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Shofirkon tumanida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Joriy mavsumda tumanda ekilishi rejalashtirilgan 1 million 100 ming dona ko‘chatning 80 foizi allaqachon o‘tqazildi.

Shofirkon tumanida ko‘chat ekish ishlari barcha yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Fermer xo‘jaliklariga 165 ming, bog‘ va tokzorlar barpo etish uchun 54 ming dona ko‘chat ajratildi. Mahallalarda 150 ming nihol ekilishi belgilangan bo‘lsa, Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi hududlarga 47 mingdan ortiq ko‘chat o‘tqazilmoqda. O‘rmon fondi yerlari uchun esa 274 ming dona ko‘chat ajratilgan.

Shuningdek, avtomobil yo‘llari bo‘ylari bo‘ylab 17 ming, kanal va ariqlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida qariyb 20 ming dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Maktablar, bog‘chalar, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda texnikumlar hududlarida jami 22 mingga yaqin ko‘chat o‘tqazilishi belgilangan. Tijorat banklari va chiqindi poligonlari hududlariga esa yana 16 ming nihol ajratilgan. Tumanda yangi tutzorlar barpo etish bo‘yicha ham 94 ming dona ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.

“Yashil makon” doirasidagi navbatdagi amaliy tadbir Shofirkon tumanining Mingchinor hududida tashkil etildi. Davlat o‘rmon xo‘jaligi agentligining tuman bo‘limi tasarrufidagi 20 gektar maydonda 17 ming dona ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tadbir davomida 3,5 gektar maydon tozalanib, 2 ming dona nihol o‘tqazildi.

Tadbirda Shofirkon tuman hokimi Alisher Fayzilloyev boshchiligida tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi, soliq inspeksiyasi, tijorat banklari, korxonalar rahbarlari, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda 200 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etdi. Ishlarni sifatli tashkil etish uchun 10 ga yaqin maxsus texnika jalb qilindi.

Tuman hokimi o‘z nutqida har bir ekilgan ko‘chatning kelajak avlod uchun toza havo, sog‘lom muhit va ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib, aholining faolligini yuksak baholadi.

Shofirkon tumanida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari “Yashil makon” umummilliy loyihasining hududlarda izchil davom ettirilayotganidan dalolat beradi. Bugun ekilgan har bir nihol kelgusida tumanning ekologik muhitini yaxshilash va aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zA