“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Qalmaqon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Istirohat bog‘i”da viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Mirjamol Miralimov hamda tuman rahbari Alisher Fayzullayev boshchiligida yuz tupdan ortiq manzarali ko‘chat o‘tqazildi. Bu tadbirda yoshidan qat’iy nazar, aholi, faollar, mehnat faxriylari hozir bo‘ldi.
Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Nazir Bekov va mahalla raislari, hokim yordamchilari ishtirokida davom etgan amaliy tadbirlarda “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘inida akatsiya, yapon saforasi, katalpa, yasin, sadaqayrag‘och kabi 500 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilib, parvarishi boshlangan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, shuningdek, oila va xotin-qizlar bo‘limlarining tashabbusi bilan alohida bog‘lar barpo qilinmoqda. Bu bog‘larga yaxshi niyatlar bilan 300 tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi va uning joylardagi muassasalari jamoalari ham savob ishdan chetda emasliklarini namoyon etmoqda. Shu kunlarda poliklinika va muassasalar atrofidagi yerlarda jami 600 tupdan oshiq manzarali va mevali daraxt ko‘chati o‘tqazilgan.
Hududdagi maktablar, boshqa ta’lim muassasalari ham xayrli ishdan chetda qolmagan. Jumladan, Shofirkon Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari texnologiyasi texnikumi jamoasi ham tashabbus bilan chiqishib, direktori Sherzod Mo‘minov boshchiligida umummiliy loyiha asosida alohida yer maydoni tayyorlanib, jami 200 tupdan oshiq manzarali va mevali daraxt niholi qadalgan.
Ko‘chat ekib, bog‘-rog‘ barpo etish, tevarak-atrof musaffoligini ta’minlashdek xayrli tashabbus Qalmaqon mahallasidagi istirohat bog‘ida ham tashkillashtirilib, unda tuman ekologiya bo‘limi ishchi-xodimlari faollik ko‘rsatdi. U yerda ham yuz tupdan ortiq ko‘chat o‘tqazilib, niholning unib-o‘sishi uchun shart-sharoit yaratilmoqda.
[gallery-14586]
“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida “Mirzoqul” mahalla fuqarolar yig‘inida hashar yordamida ko‘chalar obodonlashtirilib, yo‘l bo‘ylariga 300 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chati ekilmoqda. Tuman markazidagi Xoja Orif mahallasidagi istirohat bog‘ida ham xayrli tashabbus keng quloch yoydi. Ayni paytda bu yerda tuman hokimi Alisher Fayzullayev boshchiligida 500 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilib, parvarishlanmoqda.
Ha, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida kuzgi mavsum ko‘chat ekish ishlari jadal bormoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari