Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shofirkon xavfsiz hududga aylanadi
16:39 / 2026-02-09

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida jinoyatchilikni jilovlash, mahallalarda xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirish, aholi tinchligini ta’minlash hamda profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov hamda tuman hokimi ishtirok etib, soha vakillari, profilaktika inspektorlari, mas’ul rahbarlar bilan yuzma-yuz, muloqot qildi.

Yig‘ilishda tumandagi kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan, “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan mahallalarni bosqichma-bosqich jinoyatdan holi, xavfsiz va barqaror “yashil” hududlarga aylantirish chora-tadbirlari muhokama qo‘yildi.

Rahbariyat har bir profilaktika inspektorining xizmat hududidagi faoliyatini chuqur tahlil qilib, har bir mahalla kesimidagi holatga alohida-alohida to‘xtaldi. Jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, xavfli ijtimoiy holatlarni profilaktika qilish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan ayrim xodimlar faoliyati tanqid qilindi.

Uchrashuvda “mahallabay” ishlash tizimi doirasida profilaktika inspektorlari duch kelayotgan muammolar, xizmat faoliyatidagi tashkiliy va texnik to‘siqlar, ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, shuningdek, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar batafsil tinglandi.

Tadbirda tuman hokimi ham so‘zga chiqib, jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan muhim tashabbusni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, chorak va yil yakunlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan, o‘z xizmat hududida jinoyatchilikni keskin kamaytirib, mahallasini to‘liq “yashil” toifaga olib chiqqan profilaktika inspektorlari ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan qimmatbaho maishiy texnikalar bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, yil yakunida eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan faol, tashabbuskor va namunaviy xizmat ko‘rsatgan xodimlar oila a’zolari bilan birga chet elga sayohatga yuborilishi ma’lum qilindi.

Ushbu rag‘batlantirish tizimi profilaktika inspektorlari uchun katta ishonch, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va xizmat faoliyatiga qo‘shimcha rag‘bat manbai bo‘ldi. Bu esa ularning mas’uliyatini yanada oshirish, ishga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish, har bir mahallaga shaxsiy mas’uliyat bilan yondashishga xizmat qilishi shubhasiz.

Uchrashuv yakunida profilaktika inspektorlari bildirilgan ishonchni oqlashga, tumanni jinoyatdan xoli, tinch, osoyishta va xavfsiz hududga aylantirish yo‘lida bor bilim, tajribalarini safarbar etishga so‘z berdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.