English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shofirkon tumanidagi tug‘uruqxonada aslida nima bo‘lgan edi?
21:29 / 2024-10-10

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Tug‘uruqxonasida bolani olib chiqish uchun pul talab qilingani va otaxonning tibbiyot xodimlari bilan janjali aks etgan videolar tarqaldi.

Videoda otaxonning shifokorlarga baqirib, ularni poraxo‘rlikda ayblagani, eshik oynasini sindirgani, bir ayolning yiqilib yotgani holati aks etgan. 

Voqeaga ko‘ra, videoda otaxonning aytishicha, tug‘uruqxonadan bolani olib chiqish uchun shifokorlardan biri pul talab qilgan. So‘ralgan pulni tuqqan ayolning yaqinlari bermasa, uni uyiga ruxsat bermasliklarini bildirishgan. 

Tug‘ilgan chaqaloqning bobosi tibbiyot xodimlari bilan tortishuvga borgan. 

Shu kuniyoq tuman hokimligi tomonidan berilgan rasmiy xabarda esa holat boshqacha aks etadi. Ya’ni ma’lum bo‘lishicha, Shofirkon tumani, Jo‘yrabod mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ayol 6 oktyabr kuni Shofirkon tumani Markaziy shifoxonasining Tug‘uruq bo‘limiga fiziologik tug‘uruq mutaxassislar tomonidan qabul qilingan. Ayolning qaynotasi kelinini uyiga olib ketishini so‘rab, 9 oktyabr kuni murojaat qilgan. Biroq, mutaxassislar tomonidan kelinning holatidan kelib chiqib, 10 oktyabr sanasida uyiga ketishga ruxsat berilishi ma’lum qilingan. Shunga qaramasdan, qaynota tomonidan keskin norozilik bildirilgan. 

Keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan lavhada ayolning yerda yotganligi keltirilgan. Mazkur ayol kelinning qaynonasi. Tug‘uruq bo‘limining ichkari holatidan olingan lavhada ayol yerga yiqilganligi ko‘rinib turibdi. 

Ayni damda fuqaro tomonidan keltirilgan vaj, ya’ni tibbiyot xodimlarining “korrupsiya holatlari qayd etilgan” so‘zlari huquq-tartibot idoralari tomonidan nazoratga olingan va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. 

O‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumotlar berib boriladi. O‘zAni kuzatib boring. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri