Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shodmonqul Salom: Qalbi bor inson Vatanga xiyonat qilmaydi (+video) 
10:43 / 2024-09-27

Inson tafakkurini boyitishi, dunyoqarashini oshirishi uchun kitoblardan boshqa yana qanday manbalarga suyanishi kerak?

Ma’naviy qashshoqlik odamni qanday fojialarga boshlaydi? 

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, publitsist Shodmonqul Salom bilan suhbatimiz asnosida ushbu savollarga javob oldik. 

—Shunday bir satr bor: “Qorni ochsa, yelkasiga yoy ilarmish ov qilish uchun, qorni to‘ysa, bir-birini ov qilarmish”...Qorni to‘yganda ba’zan inson ma’naviyatdan uzoqlashib ketadi. Qorin bilan ruhning ozuqasi boshqa-boshqa. Jaloliddin Rumiy hazratlari “Tanang otdir ruhing uning suvoriysi, ot ozig‘i suvoriyga ozuq bo‘lmas”, deganida katta maqsadni ko‘zlagan. Shuning uchun ham inson kitob bilan, o‘zligi bilan, Ollohni eslash, undan qo‘rqish bilan ma’naviy ruhini to‘ldiradi. 

Kitob bizga doim kerak. Bir faylasufning shunday gaplari bor: “Xalq uchun nondan keyin eng muhimi maktab”. Non ham, maktab ham muhim. Bugun insonlar farovon jamiyatda yashayapti. Odamning yashash sharoiti qancha osonlashsa, shuncha erkatoy, tanti bo‘lib boraveradi. Shuning uchun bugun bir-biridan uzoqlashish kuchaydi. Yolg‘izlashish kuchayib, inson individuallashib qoldi. Yolg‘izlik bugun, ayniqsa ilmiy tilda aytganda “Z” (zed) avlodni qamrab oldi. “Z” (zed) avlod deganda hech narsaga qiziqmaydigan, hech narsa uni ergashtira olmaydigan avlod tushuniladi. Ana shu avlod bugun yolg‘izlanib qoldi. Yoshlikdagi zerikish xavfli, keksalikdagi zerikish alamli bo‘ladi. Inson yolg‘izlandimi, zerikadi. Buni o‘z vaqtida anglamayapmiz. Bu bizning katta fojiamiz. 

Ramazoy oyi edi. Andijon viloyatiga xizmat safariga borgandik. Og‘iz ochishga ketayotgan paytimiz mashinamiz chorrahaga to‘xtagan paytda, 20-21 yoshlardagi yoshgina yigit idishda suv uzatdi. Yo‘ldagi odamlar og‘zini shu suv bilan ochsin, deb suv uzatdi. Savobtalab yigit ekan, deya xursand bo‘ldim. Rahmat deb suvni olsam, idishga “duo qiling Grin-kartam chiqsin”, deb yozib qo‘yibdi. Xafa bo‘lib ketdim. 21 yoshli yigit – hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan, turmush qurmagan yigitning Ramazon oyida, muqaddas kunlarda eng katta orzusi shu ekan. Kitob nega kerak? Mana shu narsalarni o‘rgatish uchun. Kitob o‘qigan, adabiyotga yaqinlashgan insonlarning qalbi bo‘ladi. Qalbi bor odam, hech qachon Vatanga xiyonat qilmaydi. 

Shodmonqul Salom bilan suhbatning to‘liq qismini O‘zAning You Tube саҳифасида ko‘rishingiz mumkin. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YqNXEmr6R9M" title="Shodmonqul Salom: Qalbi bor inson Vatanga xiyonat qilmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, D.Yoqubov, A.Ahmedov (video), O‘zA