SHoʻmanoy tumani hokimi maktablarga 100 mln soʻmlik kitob sovgʻa qildi
Qoraqalpogʻistonning Shoʻmanoy tumani hokimi Bahodir Yangibayev tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 33 ta maktabga umumiy qiymati 100 mln soʻmlik kitoblar sovgʻa qildi.
Qoraqalpogʻistonning Shoʻmanoy tumani hokimi Bahodir Yangibayev tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 33 ta maktabga umumiy qiymati 100 mln soʻmlik kitoblar sovgʻa qildi.
21-oktyabr – Oʻzbek tili kuni hamda Qoraqalpogʻiston boʻylab oʻtkazilayotgan “Eng kutubxon maktab” loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadbirda ushbu kitoblar maktab direktorlariga tantanali ravishda topshirildi.
Tuman hokimi B.Yangibayevning taʼkidlashicha, maktablarga kitob sovgʻa qilish anʼanaviy tarzda davom etmoqda. Oʻtgan yili 30 mln soʻmga kitoblar olib berilgan boʻlsa, shu yilda 70 mln soʻm tuman byudjetining erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan sotib olindi.
Shoʻmanoy tumanida turkman tilida dars oʻtiladigan 4 ta maktabga turkman tilida chop qilingan yangi darsliklar va kitoblar ham sovgʻa qilindi. Shuningdek, tuman markazida uy sharoitida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning holidan ham xabar olinib, hokim ishtirokida ularga kitoblar toʻplami hadya qilindi.
Mazkur kitoblar toʻplami “Kitob markazi” – “Kitob dunyosi” kitob tarmoq markazi tomonidan yetkazib berildi.
“Kitob markazi” – “Kitob dunyosi” kitob tarmoq markazi ayni paytda tumanda “Eng kutubxon maktab” loyihasi doirasida kitob yarmarkasini oʻtkazdi. Tuman boʻyicha mazkur yarmarkada maktab oʻquvchilari tomonidan 7 mingga yaqin kitob sotib olindi.
“Eng kutubxon maktab” loyihasiga koʻra, Qoraqalpogʻistondagi eng koʻp kitob sotib olgan maktabga “Spark” hamda eng koʻp kitob sotib olgan tumanga esa “Nexia-3” avtomashinasi sovgʻa qilinadi.
Shuningdek, loyiha yakunida “Iqtidorli oʻquvchi”, “Eng faol kutubxonachi”, “Faol maktab direktori”, “Eng faol OAV xodimlari”ga, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasida qayd etilgan umumiy natijalarga koʻra, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan tuman xalq taʼlimi boʻlimlariga qimmatbaho sovgʻalar taqdim qilinadi.
Bundan tashqari, markaz tomonidan hudud boʻyicha oliy oʻquv yurtida toʻlov-shartnoma asosida tahsil olayotgan, ammo moddiy yordamga muhtoj zukko ikkita talabaga bir yillik toʻlov shartnoma pullari toʻlab beriladi.