Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida “Oltinsoy” shirkat xo‘jaligining 72 nafar a’zosiga 380 million so‘mdan ortiq ulushlari undirib berish bo‘yicha sud qarori qabul qilindi.
Shirkat xo‘jaligi 1998 yilda tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 martdagi “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shirkat fermer xo‘jaligiga aylantirilishi bois 2017 yilda tuman hokimi qarori asosida tugatilgan.
– Garchi o‘sha davrda tashqi qarzlar qoplangan bo‘lsa-da, xo‘jalik a’zolarining hissa ulushlari to‘lanmasdan qolgan, – deydi Xatirchi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Zafar Nasimov. – Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 yanvaridagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirishda aktivlar va passivlarni taqsimlash tartibi”ning 8-bandida agar xo‘jalikda qoplanmagan zarar mavjud bo‘lsa, u holda zarar xo‘jalikning zaxira yoki boshqa fondlari hisobidan qoplanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Agar zarar ushbu mablag‘lar hisobidan qoplanmasa, u holda ustav kapitali hisobiga qoplanishi va shirkat xo‘jaligining ustav kapitali ushbu summaga kamayishi, ustav kapitalining qolgan qismi shirkat xo‘jaligi a’zolari o‘rtasida ularning mulkiy paylariga muvofiq taqsimlanishi belgilangan.
Mazkur tartibga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan “Oltinsoy” shirkat xo‘jaligining 72 nafar a’zosi manfaatida sudga da’vo arizasi kiritilib, murojaat ijobiy qanoatlantirildi.
– Shirkat xo‘jaligi tugatilgandan so‘ng a’zolarning hammasi, jumladan, o‘zim ham bir necha yil davomida ulushlarimizni olish uchun ko‘p harakat qilganmiz, – deydi Suyundiq Mamaziyatov. – Bugun shu masala adliya bo‘limi yordami bilan hal bo‘ldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA