Shirinda bayram tadbiri
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati filiallarida 1-iyun — “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan qator bayram tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi xodimlarining bolalari uchun “Bolalarga bering dunyoni!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir Sirdaryo IES kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan energetiklar shahri bo‘lmish Shirindagi barcha zamonaviy qulayliklarga ega “Yoshlar markazi” sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida bolajonlar o‘rtasida chaqqonlik va epchillikka asoslangan sport estafetasi musobaqasi tashkil etildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan “Antiqa sholg‘om” ertagi namoyish etildi.

Musobaqalar yakunida barcha ishtirokchi bolalarga Sirdaryo IES kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri