Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida Xalq deputatlari Shirin shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid masalalar bilan bir qatorda, tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi.
Sessiyada deputatlar qarori bilan Kambarova Dilfuza Yigitaliyevna Shirin shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, Dilfuza Kambarova 1975 yilda Guliston shahrida tug‘ilgan. U oliy ma’lumotli bo‘lib, mehnat faoliyati davomida bank-moliya tizimi hamda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida samarali ish olib borgan.
Ushbu tayinlovga qadar Dilfuza Kambarova Aksiyadorlik-tijorat Xalq banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy markazida Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy markaz boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Yangi hokim sifatida Dilfuza Kambarova shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda shahar infratuzilmasini yanada yaxshilash borasidagi vazifalarni amalga oshirishi belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri