Jismoniy faollikning sustligi, ovqatlanish me’yor va qoidalariga rioya etmaslik, tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shuning uchun ham inson organizmida vitamin va mineral moddalar bilan bog‘liq tanqisliklar kuzatilmoqda. Yurak, qon-tomir, endokrin tizim bilan bog‘liq, erta o‘limga olib keluvchi qator kasalliklar vujudga kelmoqda.
Bu masalalar davlatimiz e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni yo‘nalishdagi ishlarni tizimlashtirishga, aholini faollikka undadi.
Qarorda 2021 yilning 1 iyunidan boshlab yurtimizda istiqomat qilayotgan 6 oylikdan 23 oylikkacha bo‘lgan bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni «A» vitamini bilan, 2-10 yoshdagi bolalarga gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanishi belgilangan.
Shunga binoan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan YUNISEF xalqaro tashkiloti ko‘magida bu yil jami 3 million 50 ming o‘ram mikronutriyent kukunlari Hindistondan keltiriladi va 762 ming 500 nafar 6 oylikdan 23 oylikkacha bo‘lgan bolalarga oila shifokorlari yordamida bepul tarqatiladi.
Ushbu mikronutriyent kukunlarining dastlabki partiyasi YUNISEF xalqaro tashkilotining ko‘magi bilan yurtimizga keltirildi. Mikronutriyent kukunlari namuna sifatida ilk bor Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova va Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova tomonidan Sirdaryo viloyatining Shirin shahri bolalariga bepul tarqatilishi uchun shahar tibbiyot birlashmasiga taqdim etildi.
Hozirgi koronavirus pandemiyasi sabab, karantin qoidalariga rioya etgan holda Shirin shahrida istiqomat qilayotgan yosh bolali onalar va shahar tibbiyot birlashmasi shifokorlari ishtirokida mazkur mikronutriyent kukunlari, undan foydalanish yo‘llari haqida taqdimot tadbiri ham o‘tkazildi.
Unda tibbiyot xodimlariga erta yoshdagi bolalarning ovqatlanishi va mikronutriyent yetishmovchiligining oldini olish bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun uslubiy qo‘llanma, yosh bolali onalarga “Mikronutriyent kukunlari va uning tavsifi” hamda “Ota-onalarga mikronutriyent kukunlarini qabul qilish bo‘yicha” buklet va eslatmalar berildi.
Mazkur mikronutriyent kukunlari 6-23 oylik go‘daklar va bolalar orasida temir tanqisligi va anemiyaning rivojlanish xavfini kamaytiradi. Qolaversa, mikronutriyent kukunlari bola bemor bo‘lganligi uchun emas, sog‘lom bo‘lib o‘sishi va to‘g‘ri rivojlanishi uchun beriladi.
Endi mazkur mikronutriyent kukunlari hududlarning geografik joylashuvi, bolalarning salomatlik holati va xavf omillarining tarqalganlik darajasiga ko‘ra, Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarida istiqomat qilayotgan bolalarga 9 oylikdan, Jizzax, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida esa bolalarga 6 oydan boshlab berila boshlaydi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov(surat), O‘zA