Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida paxtachilikda yangi bosqich boshlanmoqda. Suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi kuchayib borayotgan bir paytda bu hududda Xitoyning Shinjon agrotexnologiyasi mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda amaliyotga joriy etildi.
Eng muhimi, bu tajriba ko‘r-ko‘rona ko‘chirma emas, balki Mirzacho‘l tuprog‘i, iqlimi va fermer tafakkuri asosida takomillashtirilgan yechim sifatida o‘zini oqlayapti. Bu yerda gap faqat yangi usul haqida emas, balki paxtachilik falsafasini o‘zgartirish haqida bormoqda: kam suv — ko‘p hosil, kam xarajat — yuqori daromad, bir mavsum — uchta ekin.
Mirzacho‘l tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaliklari bo‘yicha o‘rinbosari Sulton Oripovning ta’kidlashicha, bugun paxta yetishtirishda eng muhim masala — resurslarni oqilona boshqarishdir.
— Xitoyning Shinjon usulida paxta yetishtirish tajribasini o‘rganar ekanmiz, uni to‘liq ko‘chirish emas, balki mahalliy sharoitga moslashtirish yo‘lini tanladik, — deydi u. — Asl texnologiyada chigit plyonka ostiga ekiladi. Ammo Mirzacho‘l sharoitida bu usul kutilgan samarani bermadi: plyonka teshiklaridan begona o‘t chiqib, g‘o‘za niholini bosib qoldi. Shu sabab plyonkadan to‘liq voz kechdik.
Mirzacho‘lcha yangilik shundaki, tomchilatib sug‘orish shlanglari 3–5 santimetr chuqurlikda, qo‘sh qator orasiga joylashtirildi, chigit esa shlangning ikki tomoniga ekildi. Natijada tuproq namligi uzoq saqlandi, urug‘ yer namiga bir maromda unib chiqdi, begona o‘tlarga qarshi kurash osonlashdi, suv va o‘g‘it bevosita ildizga yetib bordi.
[gallery-27352]
Bu yechim o‘tgan xo‘jalik yiliyoq o‘zini to‘liq oqladi. Hatto xitoylik mutaxassislar ham aynan shu mahalliy moslashuvga yuqori baho berdi.
Joriy qishloq xo‘jaligi yilida Mirzacho‘l tumanida jami 12 ming gektarga paxta ekish rejalashtirilgan. Shundan 7 ming gektariga Xitoy seleksiyasiga mansub 57 va 76 navli urug‘lar ekilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda “Bashiran” kompaniyasi ishlab chiqargan maxsus qo‘shqatorli syalkalar qo‘llanilmoqda.
— Bu yil iqlim juda quruq kelishi kutilyapti, — deydi Sulton Oripov. — Shuning uchun chigitni qisqa muddatda, sifatli ekib, yer namiga undirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qo‘shqatorlab ekishda pushtada namlik uzoq saqlanadi, bu esa niholning ilk rivoji uchun juda muhim.
Tajribaning eng ishonchli isboti — fermer natijasi. “Quyoshli vodiy” fermer xo‘jaligi rahbari G‘anisher Rahmatov o‘tgan yili 78,5 gektar maydonning 13,5 gektarida ushbu usulni sinovdan o‘tkazdi.
— Ilgari to‘qsonlik sxemada bir qatorlab ekib, gektaridan 25–30 sentnerdan ortiq hosil ololmasdim, — deydi fermer. — Bu usulda esa o‘rtacha 55–60 sentner hosil oldik. Sarf-xarajatlar qariyb 50 foizga kamaydi.
Fermer hisob-kitobiga ko‘ra, 261 million so‘m sarf bilan 600 million so‘mga yaqin paxta sotilgan. Sof daromad 360 million so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Eng muhimi, tomchilatib sug‘orish shlanglari qolgan holda paxtadan keyin g‘alla, undan keyin esa takroriy ekin — mosh ekish imkoni yaratildi.
— G‘alladan 100 sentner, moshdan esa 40–50 sentnergacha hosil olishni rejalashtiryapmiz. Yerni haydamay, jo‘yak olmay g‘alla ekishni amalga oshirdik. G‘alla o‘rimidan so‘ng esa shu sug‘orish shlanglari bilan takroriy ekin sifatida mosh ekishni rejalashtirib turibmiz. Xudo xohlasa, joriy yilgidan ham ko‘proq daromad qilish niyatidamiz, — deydi fermer.
Mirzacho‘l tajribasi shuni ko‘rsatdiki, Shinjon texnologiyasi mahalliy sharoitga to‘g‘ri moslashtirilganda, u faqat paxtachilikda emas, balki butun ekin aylanmasida samara beradi. Bu — suvga ehtiyotkor munosabat, yer unumdorligini saqlash va fermer daromadini oshirishning real yo‘li.
Agar ushbu model respublika miqyosida joriy etilsa, qishloq xo‘jaligida xarajatlar qisqarib, hosildorlik ortadi, eng muhimi esa oziq-ovqat va xomashyo xavfsizligi mustahkamlanadi.
Mirzacho‘l tajribasi: Shinjon texnologiyasining mahalliy yechimi
Suvni tejaydigan, plyonkasiz zamonaviy agrotexnologiya
🟢 Yo‘nalish 🔵 Mazmun
🎯 Asosiy maqsad: Suv resurslarini tejash, yer unumdorligini saqlash va barqaror yuqori hosilga erishish;
⚙️ Texnologiya mohiyati: Chigitni qo‘sh qator qilib ekish, tomchilatib sug‘orish shlanglarini 3–5 sm yer ostiga joylashtirish;
🚫 Plyonkadan voz kechish: Begona o‘tlar nazorati osonlashadi, qo‘shimcha xarajat yo‘q, nihol rivoji tabiiy;
↔️ Qo‘sh qatorli ekish: Tuproq namligi uzoq saqlanadi, texnika harakati qulay, o‘simliklar sog‘lom o‘sadi;
💧Tomchilatib sug‘orish: Suv va o‘g‘it to‘g‘ridan-to‘g‘ri ildizga yetadi, sarf keskin kamayadi;
♻️ Resurs tejami: Suv, o‘g‘it, mehnat va vaqt sarfi sezilarli qisqaradi;
📈 Hosildorlik: Paxta — 55–60 s/ga, g‘alla — 95–100 s/ga, takroriy ekin — 40–50 s/ga oshadi.
✅ Xulosa: Mirzacho‘lcha moslashtirilgan Shinjon usuli — milliy qishloq xo‘jaligi uchun tayyor yechim.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_P0kt7Ly9Xg?si=HWahbLyyFA9bmqFa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video, surat), O‘zA