Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oqqo‘rg‘on tumani hokimi To‘ra Bobolov hamrohligida hududda faoliyat yuritayotgan “Tiancheng agricultural equipment” MCHJga qarashli qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish zavodida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, zavodning texnik imkoniyatlari hamda mahsulotlarning samaradorligi bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur korxonada paxtani “Shinjon” usulida ekishga mo‘ljallangan zamonaviy seyalkalar ishlab chiqarilmoqda. Hozir bu yerda 120 nafar ishchi bo‘lib, ularning ko‘pi mahalliy yoshlardan iborat. Ular nafaqat doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmoqda, balki zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, amaliy ko‘nikmalarni egallash orqali malakali mutaxassis sifatida shakllanmoqda.

Korxonada ishlab chiqarilgan texnikalarga doimiy servis xizmati yo‘lga qo‘yilgani ham fermerlar uchun qulaylik yaratgan. Bu loyihaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 5 ming donadan 8 ming donagacha seyalka ishlab chiqarishni tashkil etadi. Tanishuv chog‘ida eng muhim jihatlardan biri sifatida fermerlar daromadini oshirishga qaratilgan yangicha yondashuv taqdim etildi.

Xususan, zavodda ishlab chiqarilayotgan seyalkalar yordamida paxtani “Shinjon” usulida ekish bilan bir qatorda, qator oralariga bir vaqtning o‘zida zira ekish imkoniyati yaratilgani qayd etildi. Bu esa yer maydonidan yanada samarali foydalanish, paxta hosili bilan birga qo‘shimcha daromad manbaini yaratish imkonini beradi. Ya’ni, fermer bir mavsumning o‘zida ikki xil mahsulot yetishtirib, ikki bora daromad olish imkoniga ega bo‘ladi.

Vazir ushbu yangicha texnologiyani amaliyotda sinovdan o‘tkazish muhimligini ta’kidladi. Xususan, tajriba tariqasida zira ham qo‘shib ekishga mo‘ljallangan 200 dona seyalka Toshkent viloyati hududlarida joriy etilishi, olingan natijalardan kelib chiqqan holda keyingi bosqichdagi chora-tadbirlar belgilanishi lozimligi qayd etildi.

Shundan so‘ng agrar sohada samaradorlikni oshirish hamda ilg‘or tajribalarni keng joriy etishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati va tumanlarning qishloq hamda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi bo‘limlari rahbarlari, tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari videokonferensiya-aloqa shaklida ishtirok etdi.

Amaliy seminar davomida vazir dehqon va fermerlarga agrar sohada izchil amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, ishlab chiqarishga joriy etilayotgan yangicha yondashuvlar, ekin ekish va mahsulot yetishtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar yuzasidan batafsil va tizimli tushuntirishlar berdi.

Xususan, paxta va g‘alla yetishtirishda diversifikatsiyaning muhim o‘rni, “Shinjon” usulining amaliyotda o‘zini oqlagan samarali yo‘nalishlari, urug‘chilik sohasidagi yangiliklar aytildi. Urug‘dan oqilona va samarali foydalanish hamda ilg‘or ekish texnologiyalari aniq amaliy misollar orqali keng yoritib berildi. Yil davomida ilgari surilgan tashabbuslarning amaliy natijalari atroflicha tahlil qilinib, “Jivamrid” va “Bokashi” kabi innovatsion agrotexnologiyalarning qo‘llash mexanizmlari hamda samaradorligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, suyak kukunidan organik o‘g‘it tayyorlash va uni amaliyotda qo‘llash, suv ustida sholi yetishtirish texnologiyalarining afzalliklari va samaradorligi ham atroflicha tushuntirildi. Har bir yangicha yondashuv va amaliy misollar maxsus roliklar hamda vizual taqdimotlar orqali namoyish etildi.
Amaliy seminarning ahamiyatga molik jihati shundaki, unda fermer va dehqonlar faqat an’anaviy usullar bilan cheklanib qolmasdan, balki qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish, organik o‘g‘itlash orqali ekologik toza va raqobatbardosh mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Vazir o‘z navbatida har bir agrotexnik tadbirga puxta reja, ilmiy yondashuv va mas’uliyat bilan qarash zarurligini aytdi. Fermerlar va dehqonlarga bugungi islohotlar sharoitida ustuvor yo‘nalishlar, resurslardan oqilona foydalanish hamda hosildorlikni oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
A.Musayev, O‘zA.