Koreya Xalq Demokratik Respublikasida Janubiy Koreya seriallari yoki musiqalarini tomosha qilgan, saqlagan yoki tarqatgan shaxslarga nisbatan qatl etish, mehnat lageriga jo‘natish yoki omma oldida tahqirlash kabi keskin jazo choralari qo‘llanmoqda.
Mamlakatdan qochib chiqqan shimoliy koreyaliklar "Amnesty International" inson huquqi tashkilotiga bildirishicha, bunday jazodan qutulishning yagona yo‘li katta miqdorda pora berish ekan. Ayrim hollarda odamlar "qayta tarbiyalash lageri"ga ketmaslik uchun, hatto, uy-joyini sotishga majbur bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, ta’qib nafaqat katta yoshlilar, balki o‘smirlarga nisbatan ham qo‘llanmoqda.

KXDRdan qochgan guvohlar aytishicha, bir necha maktab o‘quvchisi mashhur “Kalmar o‘yini” serialini tomosha qilgani uchun omma oldida qatl etilgan. "Mafkuraviy tarbiya" doirasida esa maktab o‘quvchilari ommaviy qatlni tomosha qilishga majburan olib boriladi. “Amnesty International” suhbatdoshlariga ko‘ra, jiddiy xavf-xatarga qaramay, bu "yopiq mamlakat"da, asosan, Xitoy kirib kelayotgani taxmin qilinayotgan xorijiy kontent keng tarqalgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA