KXDR poytaxti Pxenyanda Rossiya – Ukraina ziddiyatida halok bo‘lgan shimoliy koreyalik askarlarga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda “KCNA” nashri.
Marosimda ishtirok etgan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bu tashabbusni “Pxenyan va Moskva munosabatlarining tarixiy cho‘qqisi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilayotgan “Jangovor sharaf muzeyi” haqiqiy vatanparvarlarning xotirasini ulug‘laydigan muqaddas maskan bo‘ladi.
Marosimda Rossiya elchixonasi vakillari ham ishtirok etgani ma’lum qilingan.
Muzeydan janglarda qatnashgan shimoliy koreyalik askarlarning haykallari, ularning faoliyatiga bag‘ishlangan fotosuratlar va san’at asarlari o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz: Kim Chen In va Vladimir Putin 2024 yil noyabr oyida o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, har ikki davlat favqulodda holatlarda bir-biriga zarur harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olgan.
Shundan so‘ng, joriy yil aprel oyida KXDR rasman o‘z harbiylarini Rossiyaga yuborganini tasdiqladi. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hududiga 14 mingdan ortiq shimoliy koreyalik harbiy xizmatchi va muhandislar jo‘natilgan.
D.Hakimov, O‘zA