Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shimoliy Koreya rahbarining sogʻligi yomonlashgani haqidagi xabar haqiqatga yaqinmi?
18:49 / 2020-04-21

Shundan buyon mana qariyb 10 kun oʻtyaptiki, Kim Chen In haqida xabar berilmayapti.


12-aprelda Shimoliy Koreyada Oliy xalq majlisining bahorgi sessiyasini davlat rahbari emas, balki Oliy xalq majlisi prezidiumi raisi va Davlat kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Soy Ryon Xe olib borganligi haqida xabar tarqalgan edi.

U mamlakatda Kim Chen Indan keyin “ikkinchi shaxs“ hisoblanadi. Biroq, kuzatuvchilar ushbu tadbirni Soy Ryon Xe olib borganiga emas, balki unda Kim Chen In ishtirok etmaganiga koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Qolaversa, Shimoliy Koreyaning Bir palatali parlamenti avval eʼlon qilingan sanadan ikki kun kechikib yigʻildi. Biroq, Shimoliy Koreyaning markaziy telegraf agentligi tarqatgan xabarda buning sababi aytilmagan.

Shundan buyon mana qariyb 10 kun oʻtyaptiki, Kim Chen In haqida xabar berilmayapti.

Kuni kecha Janubiy Koreyaning Daily NK nashri Shimoliy Koreya manbalariga tayanib, Kim Chen Inning hozirda davolanayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Xabarda aytilishicha, u yurak-qon tizimida jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan.

Xabarda taʼkidlanishicha, KXDR yoʻlboshchisi hozir Pxenyandan 100 kilometrcha shimoli-sharqdagi Myoxyansan togʻida dala hovlisida davolanyapti. 12-aprel kuni Shimoliy Koreya oliy rahbariyati uchun maxsus qurilgan kasalxonaga poytaxtdagi eng zoʻr jarrohlar chaqirilgan. Biroq, kerakli muolajalar qilingandan keyin Kim Chen Inning ahvoli yaxshilangan va shifokorlarning koʻpchiligiga javob berib yuborilgan. Ayni damda vrachlar davlat kengashi raisining yaxshilanish jarayonini kuzatib turibdi, deya taʼkidladi ushbu nashr.

Manbada aytilishicha, Kim Chen In turgan dala hovli shaxsiy gvardiyaning 30 dan ortiq aʼzolari va Pxenyandagi qoʻriqlash Bosh boshqarmasining koʻp sonli xodimlari tomonidan qattiq qoʻriqlanmoqda. Odatda bu kabi davlat obyektlarini qorovullik xizmatini oʻtayotgan harbiylar qoʻriqlardi. Hozir ular qoʻriqlash xizmatidan chetlashtirilgan. Xabarda shuningdek, KXDR yoʻlboshchisining 2019-yil avgustda Pektusan togʻiga bir necha bor chiqib kelgach, yurak-qon tizimidagi muammo tufayli ahvoli yomonlashgani ham aytilmoqda.

Kim Chen In 11-aprelda Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qoʻmitasi siyosiy byurosining majlisini olib borgandi, 12-aprel kuni esa, Pxenyanda mamlakatning birinchi shaxsini olib yuradigan vertolyot va mashinalar harakati koʻzga tashlangan.

Ayni paytda ushbu xabarning toʻgʻriligini ham, notoʻgʻriligini ham hech kim tasdiqlay olmayapti. Chunki, Shimoliy Koreyaning oʻzida davlat rahbarining sogʻligi bilan bogʻliq vaziyat hech qachon oshkor etilmaydi. Qolaversa, qoʻshni davlatlar ham bu borada joʻyali bir yangilikni ayta olmayapti.

Masalan, Chin mamlakatining tashqi siyosat idorasi Shimoliy Koreya yoʻlboshchisining sogʻligi haqida matbuotda tarqatilgan maʼlumotlardan xabardor ekanini aytib, ammo ushbu yangiliklarning asl manbasi nomaʼlum ekanini maʼlum qilgan.

Seshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Gen Shuan mazkur mavzuni izohlar ekan, “Biz shu haqda ommaviy axborot vositalarida berilgan xabarlarga eʼtibor qaratdik, lekin ularning manbasi qayerdaligini bilmaymiz“, — dedi.

Uning taʼkidlashicha, Xitoy bilan Shimoliy Koreya doʻst qoʻshnilar hisoblanadi, “Xitoy Shimoliy Koreya bilan ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash boʻyicha kelgusida ham birga ishlashga tayyor“, dedi u. Shimoliy Koreyaning eng yaqin qoʻshnisi tarqatgan xabar hozircha shu.

Kim Chen Inning sogʻligi haqidagi xabarga Moskva ham oʻz munosabatini bildirdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Kreml KXDR yoʻlboshchisi Kim Chen Inning kasalligi haqidagi xabarni koʻrgani, ammo ushbu xabar haqiqatga qay darajada toʻgʻri kelishi borasida bir narsa ayta olmasligini, bu borada rasmiy maʼlumotlarni kutib qolayotganini maʼlum qilgan.

“Biz matbuotda shunday xabarni koʻrdik. Lekin ushbu xabar haqiqatga qay darajada yaqin, bilmaymiz. Rasmiy maʼlumotlarni kutyapmiz“, — dedi u.

Shimoliy Koreya rahbarining ahvoli bilan bogʻliq xabar AQSHni ham eʼtiborsiz qoldirmadi. Chunki, kechagina Oq uy rahbari Donald Tramp Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In bilan munosabatlari hali ham yaxshi ekanini taʼkidlab, yaqinda undan ajoyib xat olgani bilan maqtangan edi.

“Shimoliy Koreya yaqinda qisqa masofaga uchadigan raketa sinovini amalga oshirdi. Shu bilan birga, men Kim Chen Indan ajoyib maktub oldim. Oʻylashimcha, u bilan munosabatlarimiz juda yaxshi“, — degandi u Vashingtonda uyushtirilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga.

Endi esa, AQSH Kim Chen Inning sogʻligi yomonlashgani haqida razvedka yetkazgan maʼlumotlarni oʻrganayotganini taʼkidlamoqda.

CNN tarqatgan xabarda taʼkidlanishicha, hozirda AQSH Shimoliy Koreya rahbarining ahvoli jarrohlik amaliyotidan keyin yomonlashgani haqidagi razvedka maʼlumotlarni oʻrganmoqda.

Oʻz navbatida, Janubiy Koreya rasmiylari ham Kim Chen Inning sogʻligida jiddiy muammo paydo boʻlgan, deb hisoblamasligini maʼlum qildi.

KXDR Davlat kengashi raisi Kim Chen Inning sogʻligida muammo borligi haqidagi yangilik haqiqatdan uzoq. Bu borada eʼtiborni tortadigan biror bir tendensiya oxirgi paytda kuzatilmadi, deyiladi Janubiy Koreya hukumati tarqatgan manbalarda.

“Kim Chen Inning sogʻligi yomonlashdi, deb oʻylashga asos boʻladigan hech qanday yangilik menga maʼlum emas“, — dedi hukumatning Shimoliy Koreya yoʻnalishiga masʼul boʻlgan manba.

Janubiy Koreya prezidenti maʼmuriyati ham xuddi shunday fikrni bildirmoqda.