Shimoliy kon boshqarmasi tizimida yangi texnologiyalarni ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish borasida uzluksiz va tizimli bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Natijada 2021 yilda Shimoliy kon boshqarmasi 3-Gidrometallurgiya zavodining kuydirish sexida chiqindidan oltinni ajratib olish 3,5 foizga oshdi.
– Zavod mutaxassislari tomonidan Sorbsiya chiqindisi tarkibidagi oltinni to‘liq va sifatli olish maqsadida kuydirilgan mahsulot bilan laboratoriya sharoitida tadqiqot ishlari olib borildi, – deydi Shimoliy kon boshqarmasi axborot xizmati rahbari Laylo Karimova. – Laboratoriya tahlil natijalari tarkibidagi oksidlar va temir gidrooksidlar bilan bog‘langan oltinni kislota bilan ishlov berish yordamida ajratib olish imkonini berdi. Kuydirilgan mahsulotni kislota bilan qayta ishlashning yangi texnologik sxemasi ishlab chiqildi. Ishlab chiqarishga tadbiq etilgan yangilik oltinni ajratib olishni sezilarli ravishda oshirishga xizmat qilmoqda.
2019 yilda 3-gidrometallurgiya zavodida “Kokpatas” va “Dovgiztov” konlarining sulfidli ma’danlardan oltinni ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish” investitsion loyihasi asosida sorbsiyalash jarayoni chiqindilarini qayta ishlash yuqori samarali noyob innovatsion texnologiyasi ishga tushirilgan edi. Bu zavod faoliyatining to‘rtinchi bosqichi boshlanishiga asos bo‘ldi. Yangi majmuaning ishga tushirilishi bilan chiqindiga chiqib ketadigan oltin miqdorini ikki baravar kamayishiga erishildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA