Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 maydagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, qulay agrobiznes muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishga, uchrayotgan har qanday muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Palzada SALIEVA – Kegayli tumanidagi “Orzu" fermer xo‘jaligi rahbari, “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining gran-pri sohibasi:
– Mamlakatimizda so‘nggi yillarda tadbirkorlik va fermerlik bilan shug‘ullanib kelayotgan ayollar soni yildan-yilga ortib bormoqda. 1994 yildan buyon fermerlik bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Fermer xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 602 gektarni tashkil etib, 31 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
2017-2019 yillari davlatimizga 235 tonna paxta topshirib, hosildorlik 33 sentnerga yetkazildi. 50 gektar bug‘doydan ham rejani ortig‘i bilan bajarib kelmoqdamiz. Shuningdek, 30 bosh qora mol, 60 boshdan ziyod qo‘y-echki va parranda boqilmoqda. Fermer xo‘jaligimiz paxtachilik va g‘allachilikning o‘zidan yilni 430 million so‘mlik sof foyda bilan yakunladi. 1 gektar maydonda “Onalar bog‘i”ni tashkil etdik. Mening kamtarona mehnatim inobatga olinib “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining gran-pri g‘olibasi, deb topildim va Prezident sovg‘asi – “Jentra” avtomashinasi bilan taqdirlandim.
bugungi kunda asalarichilikni ham yo‘lga qo‘yganman. Kelajakda bug‘doyni qayta ishlash sexini tashkil etmoqchiman. Bunda davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori fermerlarga keng imkoniyat beradi. Jumladan, qarorda qayd etilganidek, shimoliy tumanlardan ro‘yxatdan o‘tib, mazkur yer maydonlarida faoliyat yuritadigan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlariga (bundan klasterlar mustasno) ushbu faoliyatdan olinadigan daromadi bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq, shuningdek, mazkur tumanlardagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish va saqlash maqsadida foydalaniladigan yer uchastkalari va mol-mulki bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Ulbosin ANNABAEVA – Taxtako‘pir tumanidagi “Ra’no chevar” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi rahbari, “Shuhrat” medali sohibasi:
– Orolbo‘yining shimoliy hududlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish o‘ziga xos muammolarni yuzaga keltiradi. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori dasturilamaldir.
Korxonamiz faoliyati asosan tikuvchilik yo‘nalishi bo‘lganligi uchun 2012 yili “Mikrokreditbank”ning Chimboy tuman filialidan 39,5 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, unga 12 ta zamonaviy tikuv mashinasini xarid qildik.
Hozirgi kunda korxonada 5 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. 2017 yili BMTning grant loyihasida tuya junidan ko‘rpacha ishlaydigan mashinasini yutib oldik. Tuya sutidan tashqari uning junidan ishlangan mahsulotlar inson salomatligi uchun juda foydali. Shuning uchun ham mahsulotlarimiz hozirgi kunda ichki bozorda xaridorgir.
Prezidentimiz qarorida belgilangan imtiyozlardan foydalangan holda faoliyatimizni yanada kengaytirish niyatidamiz. Tuya junini yuvadigan mashina xarid qilib, mahsulotlarni faqat ichki bozorga chiqarish bilan cheklanib qolmay, qo‘shni davlatlarga ham eksport qilishni rejalashtiryapmiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA