English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shimolda Mustaqillik bayrami keng nishonlandi
10:27 / 2023-08-31

O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 32 yillik shodiyonasi munosabati bilan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Tantanalar zaliga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston respublikalari hamda Mudofaa vazirligi bayroqlari olib kirildi. Harbiy orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.

Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov barchani istiqlolimizning 32 yillik shodiyonasi bilan muborakbod etdi. Qo‘mondon tabrik so‘zida biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan shu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etishimizni ta’kidladi.

–Qaysi sohani olmang, u sport, ilm-fan, san’at bo‘lsin yoshlarimiz ishtiyoqi, bilimi, shijoati bilan dunyoda O‘zbekiston degan buyuk davlat borligini hamda bu yurtning farzandlari nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘yayapti. Jumladan, ona Vatan himoyasidek sharafli vazifani vijdonan ado etayotgan Mudofaa vazirligining vatanparvar, bahodir yigitlari ham xalqaro musobaqa va turnirlarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib, armiyamiz qudrati hamda uning dovrug‘ini jahonga yoymoqda, – deya e’tirof etdi qo‘mondon.

Ta’kidlash joizki, tarixan qisqa davrda O‘zbekiston jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallab, xalqimiz turmush darajasi, farzandlar kelajagi yo‘lida qilinayotgan salmoqli ishlar bugun o‘z mevasini bermoqda. 32 yillik davrda mamlakatimiz taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, qo‘lga kiritilgan yutuqlar zamirida mehnatkash xalqimiz, yurtning buguni va kelajagi uchun fidoyilik namunalarini ko‘rsatib kelayotgan vatandoshlarimizning mehnati mujassam.

Bayram munosabati bilan 26 nafar harbiy xizmatchi va Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari hamda harbiy pensionerlar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan “Namunali xizmati uchun”,  “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonlari, mudofaa vazirining esdalik nishoni, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 75 nafari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan mukofotlandi.

30 nafar harbiy xizmatchiga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali tarzda topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda harbiy san’atkorlar ishtirokidagi bayramona konsert dasturi, harbiy xizmatchilar farzandlarining ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarga xushkayfiyat ulashdi.

 

O‘zA