Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shimolda harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanishga hozirlash ishlari boshlandi
10:12 / 2022-09-27

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda qo‘shinlardagi eng mas’uliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazishdan oldin ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati yurtimizning Shimoli-g‘arbiy tomonida joylashgani bois, qishning sovuq kunlari boshqa hududlarga qaraganda bu yerda barvaqt kelishi kutiladi. Shuning uchun Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalarda jangovar va harbiy texnika hamda qurol-yarog‘larni yozgi mavsumdan qishki mavsumda foydalanish uchun hozirlash boshqa harbiy okruglarga qaraganda oldin boshlanadi.

Mazkur kompleks tadbirlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitda foydalanishga hozirlash uchun o‘tkaziladi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, okrug qo‘mondonligi hamda Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

[gallery-8932]

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta’minlash, ularni soz holatda saqlashda ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati ta’kidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas’ul ekanligi eslatildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulotni tashkil etish uchun harbiy qismning jangovar va harbiy texnikalarni saqlash parkida 8 ta o‘quv joyi va 25 o‘quv nuqtalari tashkil etildi. U yerda jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, zenit-artilleriya qurilmalari, maxsus texnika, qurol-yarog‘ va boshqa texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlarining mohiyati, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarog‘ va texnikani ob-havoning harorati past sharoitlarda ishlatish qoidalari, jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yo‘riqnomalar berildi.

Mazkur tadbirlarni bajarishda texnologik xaritalarga ko‘ra harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari tashkil etiladi. Yoqilg‘i-moylash ashyolari yangisiga o‘zgartiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga o‘tkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.

Tadbir rejasiga ko‘ra oktyabr oyining oxirigacha Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlaridagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalarning barchasi qishki mavsumda foydalanish uchun shay holatga keltiriladi.

 

O‘zA